Shoshilinch
Texnologiyalar

MyID iBeta Level 2 xalqaro testidan muvaffaqiyatli o‘tdi

MyID iBeta Level 2 xalqaro testidan muvaffaqiyatli o‘tdi
MyID iBeta Level 2 xalqaro testidan muvaffaqiyatli o‘tdi / Foto: Pixabay/IqbalStock.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — UZINFOCOM‘ning MyID biometrik verifikatsiya tizimi Amerikadagi iBeta Quality Assurance mustaqil laboratoriyasining ISO/IEC 30107-3 xalqaro standarti, Level 2 talablariga muvofiqlik bo‘yicha testidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Bu haqda UZINFOCOM xabar berdi.

Sinovlar doirasida tizim soxta yuz artefaktlaridan foydalangan holda shaxsni almashtirishga qaratilgan turli urinishlarga qanchalik bardoshli ekani tekshirildi. Test natijalariga ko‘ra, barcha hujumlar muvaffaqiyatli bartaraf etilgan, haqiqiy foydalanuvchilar esa verifikatsiya jarayonidan o‘tishda davom etgan.

UZINFOCOM maʼlum qilishicha, MyID Markaziy Osiyoda iBeta Level 2 testidan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘z ishlanmasiga asoslangan yagona yechim bo‘ldi. Kompaniya maʼlumotlariga ko‘ra, mazkur natija O‘zbekistonda ishlab chiqilgan biometrik texnologiyaning xalqaro talablarga muvofiqligini tasdiqlaydi.

iBeta Quality Assurance — NIST/NVLAP tomonidan akkreditatsiyadan o‘tgan va biometrik texnologiyalarni sinovdan o‘tkazishga ixtisoslashgan mustaqil Amerika laboratoriyasidir.

Bunday testlar natijalaridan texnologik kompaniyalar, moliyaviy tashkilotlar va regulyatorlar biometrik yechimlarning ishonchliligini baholashda foydalanadi.

MyID uchun iBeta Level 2 testidan o‘tish tizimning biometrik verifikatsiya sohasidagi xalqaro talablarga muvofiqligini yana bir bor tasdiqladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.