Shoshilinch
Texnologiyalar

Farg‘ona IT-sektorni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda

Farg‘ona IT-sektorni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda
Farg‘ona IT-sektorni rivojlantirish imkoniyatlarini kengaytirmoqda / Foto: IT Park Uzbekistan.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Rossiya Hukumati raisi birinchi o‘rinbosari Denis Manturov O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishi doirasida Farg‘onadagi IT Park majmuasiga tashrif buyurdi.

U bilan birga majmuaga O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev va Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ham tashrif buyurdi.

Mehmonlarga IT Park imkoniyatlari, shuningdek, hududda axborot texnologiyalari va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar taqdim etildi.

Majmua O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘i asosida qurilgan. Loyihaning qiymati 150 milliard so‘mdan oshgan.

Bu yerda bir vaqtning o‘zida 200 nafargacha foydalanuvchi faoliyat yuritishi mumkin, har yili 3 mingdan ortiq yosh zamonaviy IT kasblari bo‘yicha taʼlim olishi mumkin.

IT Park‘da frilanserlar va dasturchilar uchun kovorking hududlari, shuningdek, rezident kompaniyalar uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan ofislar tashkil etilgan.

Taʼlim, ishlab chiqarish va servis imkoniyatlarining birlashtirilishi yoshlarning amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, ish bilan taʼminlanishi va daromad manbalarini yaratishiga yo‘naltirilgan.

Tashrif davomida yagona integrator UZINFOCOM‘ning raqamli texnologiyalarni joriy etish, axborot tizimlari va elektron xizmatlarni rivojlantirish bo‘yicha faoliyati taqdim etildi.

Mehmonlar, shuningdek, Apple bilan hamkorlikda tashkil etilgan iOS Development Center faoliyati bilan tanishdi. Markazda yosh mutaxassislar mobil ilovalar va zamonaviy dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish bo‘yicha taʼlim olmoqda.

Shuningdek, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish va ularni, jumladan, Rossiya bozoriga eksport qilish bilan shug‘ullanuvchi Megagroup kompaniyasi faoliyati alohida taqdim etildi.

Tashrif ishtirokchilariga, shuningdek, mehnat bozori talablarini inobatga olgan holda mutaxassislarni amaliy tayyorlashga yo‘naltirilgan IT Park University taʼlim dasturlari haqida maʼlumot berildi.

Bundan tashqari, Jahongirmirzo Ibrohimov rahbarligidagi “MUHANDISONA” MCHJ jamoasining faoliyati namoyish etildi. Jamoa 3D-modellashtirish va 3D-printerlardan foydalangan holda mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Jamoa yuritadigan Engineericly YouTube kanali 770 mingdan ortiq obunachiga ega.

IT Park‘ka tashrif davomida Farg‘ona viloyati IT-sektorini yana-da rivojlantirish, raqamli xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksportini oshirish, yosh mutaxassislarni tayyorlash hamda Rossiya IT-kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish istiqbollari ham muhokama qilindi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.