Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 29 sentyabr kuni Toshkentda Global Gateway tashabbusi doirasida investitsiyaviy va moliyaviy-texnik hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston — Yevropa Ittifoqi Ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar Markaziy Osiyo uchun hajmi 12 milliard yevro bo‘lgan Yevropa Ittifoqining investitsiya paketini amaliy jihatdan amalga oshirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Uchrashuv O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev hamda Yevropa Komissiyasi Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Bosh direksiyasi direktori Peteris Ustubs hamraisligida o‘tkazildi.
Asosiy eʼtibor Yevropa Ittifoqi tomonidan 2025 yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazilgan sammitda Markaziy Osiyo uchun eʼlon qilingan Global Gateway investitsiya paketini amalga oshirishga qaratildi.
Uchrashuv doirasida tomonlar energetika, suv xo‘jaligi, transport va raqamli o‘zaro bog‘liqlik sohalarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalarini ko‘rib chiqdi. Kun tartibidan, shuningdek, iqlim va strategik ahamiyatga ega muhim xomashyo materiallari sohalaridagi hamkorlik masalalari o‘rin oldi.
Qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun Yevropa moliya institutlari, taraqqiyot institutlari va xususiy kapitalni jalb qilishga alohida eʼtibor qaratildi.
Ishtirokchilar, shuningdek, Yevropa Ittifoqining grant va texnik ko‘magini kengaytirish imkoniyatlarini, jumladan, 2028–2034 yillarga mo‘ljallangan moliyaviy dasturlar doirasidagi imkoniyatlarni muhokama qildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar Ishchi guruhni investitsiya tashabbuslarini muvofiqlashtirish, qo‘shma loyihalar portfelini shakllantirish va aniq loyihalarni ilgari surish uchun doimiy platforma sifatida rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladi.