Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Eron Savdo, sanoat, konchilik va qishloq xo‘jaligi palatasi delegatsiyasi bilan ikki tomonlama biznes hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha amaliy qadamlarni muhokama qildi. Tomonlar bir kun oldin bo‘lib o‘tgan agrar biznes-forumda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratdi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisining o‘rinbosari Sherzod Ibragimov va rais maslahatchisi Alisher Shayxov ishtirok etdi. Eron delegatsiyasiga Eron Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo‘jaligi palatasi raisining o‘rinbosari Huseyn Muʼazzin boshchilik qildi.
Ishtirokchilar ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va hududlararo biznes aloqalarini rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, bir kun oldin qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan O‘zbekiston–Eron biznes-forumi yakunlari sarhisob qilindi. Forum doirasida imzolangan hamkorlik memorandumida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga alohida eʼtibor berildi.
Uchrashuv davomida ikki palata vakillari biznes delegatsiyalarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish va B2B formatidagi uchrashuvlarni muntazam o‘tkazish bo‘yicha fikr almashdi. Shuningdek, ikki mamlakat savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi institutsional hamkorlikni yana-da mustahkamlash va tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida tomonlar erishilgan kelishuvlarni amaliy mazmun bilan to‘ldirish va O‘zbekiston hamda Eron o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligini faollashtirishga kelishib oldi.