Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent-Shimoliy temiryo‘l vokzalida yo‘lovchilar uchun yangi CIP-zal faoliyatini boshladi. Xizmat 21 sentyabr kuni ishga tushirilgan bo‘lib, poyezd jo‘nab ketishidan oldin qulay sharoitda kutish uchun mo‘ljallangan. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
CIP-zal xizmatlari pullik asosda ko‘rsatiladi. Xizmat ko‘rsatish narxi zalning o‘zida ko‘rsatilgan.
Yo‘lovchilar uchun alohida kutish hududi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda toza va qulay o‘rindiqlar, yumshoq kreslolar hamda internetdan bepul foydalanish imkoniyati mavjud. Zalda televizor ham o‘rnatilgan.
Tashrif buyuruvchilar poyezdlar harakati va vokzal xizmatlari haqida maʼlumot olishlari mumkin. Xonada sovuq va issiq fasllar davomida qulay harorat taʼminlanadi.
Bundan tashqari, yo‘lovchilar ichimliklar va yengil gazaklardan foydalanishlari mumkin. Zalda dam olish va poyezd jo‘nab ketishini kutish uchun zarur sharoitlar yaratilgan.
CIP-zalning ochilishi Toshkent-Shimoliy vokzalida yo‘l oldidan yo‘lovchilar uchun qulaylikni oshirishga qaratilgan yangi xizmat turini yo‘lga qo‘ydi.