Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va PASHA Financial Holding moliya sektorida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari va investitsiyaviy hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini muhokama qildi. Uchrashuv 22 sentyabr kuni O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev hamda PASHA Financial Holding bosh direktori Farid Mamedov o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar bank va sug‘urta sohalarida hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari, shuningdek, investitsiyaviy hamkorlikning ehtimoliy shakllarini ko‘rib chiqdi.
FinTech va raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Uchrashuv ishtirokchilari istiqbolli investitsiya loyihalarini ham muhokama qildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish va O‘zbekiston hamda Ozarbayjon o‘rtasidagi investitsiyaviy-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini bildirdi.