Iqtisod

O‘zbekistonda $100 mlnlik metallurgiya loyihalari muhokama qilindi

O‘zbekistonda $100 mlnlik metallurgiya loyihalari muhokama qilindi
O‘zbekistonda $100 mlnlik metallurgiya loyihalari muhokama qilindi / Foto: Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi yirik metallurgiya korxonalari atrofida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va mahalliylashtirish bo‘yicha yangi loyihalarni shakllantirishga bag‘ishlangan tadbirkorlar bilan onlayn uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi xabar berdi.

Uchrashuv davomida Samarqand viloyatidagi «Aziya metall prof», Jizzax viloyatidagi «Sifatli sof po‘lat», Namangan viloyatidagi «Tay Chang Stil» va Sirdaryo viloyatidagi “Vangda” yirik metallurgiya korxonalari atrofida umumiy qiymati $100 mln bo‘lgan kooperatsiya loyihalarini shakllantirish masalasi muhokama qilindi.

Asosiy eʼtibor korxonalarning xomashyo, materiallar, butlovchi qismlar, uskunalar va xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini mahalliy tadbirkorlarning ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan solishtirishga qaratildi. Shuningdek, hozirda import qilinayotgan mahsulotlarni mahalliylashtirish va yangi kooperatsiya zanjirlarini yaratish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv ishtirokchilari tadbirkorlarning amaldagi ishlab chiqarish quvvatlari va istiqbolli loyiha tashabbuslari bilan tanishdi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha biznes vakillarini yirik metallurgiya korxonalari bilan uzoq muddatli sanoat kooperatsiyasiga jalb etish bo‘yicha keyingi amaliy choralar belgilab olindi.

Loyihalarni amalga oshirish mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish, qo‘shilgan qiymatning yangi zanjirlarini shakllantirish va hududlarda qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.