Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Koreya Respublikasi fuqaro aviatsiyasi uchun mutaxassislar tayyorlash sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda. Hozirda 150 nafardan ortiq O‘zbekiston fuqarosi Korea Aerospace University (KAU)da sakkiz yo‘nalish bo‘yicha tahsil olmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.
KAU bilan hamkorlik xalqaro talablarni inobatga olgan holda uchuvchilar, aviatsiya menejerlari, havo transporti logistikasi mutaxassislari va boshqa kadrlarni tayyorlash, shuningdek, aviatsiya taʼlimi va uchish tayyorgarligi sohasida Koreya tajribasini o‘zlashtirishga qaratilgan.
Ayni vaqtda O‘zbekiston fuqarolari KAUda bakalavriat va magistratura dasturlari doirasida «Uchish ekspluatatsiyasi», «Havo harakatini boshqarish», «Aviatsiya menejmenti», «Havo transporti logistikasi», «Servis menejmenti», «Aviatsiya biznesi», «IT-texnologiyalar va kiberxavfsizlik» yo‘nalishlari, shuningdek, bort kuzatuvchilarini tayyorlashga mo‘ljallangan «Cabin crew» dasturi bo‘yicha taʼlim olmoqda.
Janubiy Koreyaga tashrif davomida Transport vaziri Ilhom Mahkamov Koreya Aerokosmik universiteti prezidenti Xo Xi Yon bilan uchrashdi. Tomonlar qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish va talabalar qabul kvotasini kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda tashkil etilayotgan Uchuvchilar maktabi faoliyatida KAUning ishtirok etishiga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, uchish instruktorlari va o‘quv-mashg‘ulot havo kemalarini jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Ilhom Mahkamov KAUda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan ham uchrashib, ularning taʼlim sharoitlari, o‘zlashtirish natijalari va kelgusi rejalari bilan tanishdi.
Uchrashuvda tahsilni tugatgandan so‘ng bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash istiqbollari, jumladan, O‘zbekistondagi ish o‘rinlari muhokama qilindi. Gap Yangi Toshkent va Urganch aeroportlarida, milliy aviakompaniyalarda ishlash, shuningdek, tashkil etilayotgan Uchuvchilar maktabida uchish amaliyotini o‘tash imkoniyatlari haqida bordi.
Transport vazirligi taʼkidlashicha, zamonaviy aviatsiyani rivojlantirish havo kemalari parkini yangilash, aeroport infratuzilmasini modernizatsiya qilish va aviaqatnovlar tarmog‘ini kengaytirish bilan bir qatorda, xalqaro standartlarga javob beradigan malakali inson kapitalini shakllantirishni ham talab etadi.