O‘zbekistonda yerlarni auksionga tayyorlash tartibi o‘zgaradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda yer uchastkalarini auksion orqali sotishga tayyorlashning yangi tartibi joriy etilmoqda. Yer uchastkalari muhandislik tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlar hamda qurilishga ruxsat beruvchi hujjatlar bilan oldindan taʼminlanadi. Bu investorlarga maydonlarni «tayyor paket» tamoyili asosida taklif qilish imkonini beradi.
Yangi mexanizm 28 avgustda qabul qilingan, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish va xususiylashtirish jarayonlarini jadallashtirishga qaratilgan Prezident farmonida nazarda tutilgan.
Mahalliy arxitektura va shaharsozlik kengashlari tomonidan taklif etiladigan yer uchastkalari savdoga chiqarilishidan oldin tayyorlanadi. Bu ishlar uchun xarajatlar mahalliy byudjetlar hisobidan moliyalashtirilishi mumkin. Keyinchalik sarflangan mablag‘lar yer uchastkasi auksion orqali sotilganda uning boshlang‘ich qiymatiga kiritiladi.
Yer uchastkalari realizatsiya qilinishi rejalashtirilgan hududlar uchun master-rejalarni oldindan ishlab chiqish va tasdiqlash ham nazarda tutilgan. Ular asosida investorlarga berish uchun mo‘ljallangan aniq yer uchastkalari shakllantiriladi.
Farmon xususiylashtirilayotgan davlat ko‘chmas mulk obyektlari ostidagi yerlarni rasmiylashtirishning yangi tartibini ham belgilaydi. Agar investor davlat obyektini sotib olsa, unga bog‘liq yer uchastkasiga bo‘lgan huquq yerning o‘zi xususiylashtirilgunga qadar xaridorda saqlanib qoladi. Bunda ushbu yer uchastkasiga ijara huquqini qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Uch oydan ortiq vaqt davomida auksionlarda sotishning imkoni bo‘lmagan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari uchun alohida qoidalar belgilangan. Bunday yer uchastkasiga bo‘lgan huquq investor ishtirokida tashkil etiladigan xo‘jalik jamiyatining ustav kapitaliga kiritilishi mumkin. Buning sharti eʼlon qilingan investitsiya loyihasini amalga oshirish hisoblanadi.
Keyinchalik tashkil etilgan kompaniyadagi davlat ulushi investorga sotib olish uchun taklif qilinishi mumkin.
Toshkent shahridagi sanoat zonalari ishtirokchilari uchun ham xususiylashtirishning yangi imkoniyatlari yaratiladi. O‘z zimmasiga olgan investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni to‘liq bajargan kompaniyalar belgilangan tartibda o‘zlari egallab turgan yer uchastkalarini, shuningdek, ularda joylashgan bino va inshootlarni xususiylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Davlat banklariga sotuvga chiqarilayotgan davlat aktivlari va yer uchastkalarini tadbirkorlik loyihalariga yana-da faol jalb etish topshirildi. Buning uchun «loyihalar fabrikasi» mexanizmi qo‘llaniladi: banklar bunday aktivlar bo‘yicha biznes takliflarni tayyorlash va ularni salohiyatli investorlar o‘rtasida ilgari surishga ko‘maklashishi kerak bo‘ladi.
Mazkur chora-tadbirlar kengaytirilgan xususiylashtirish dasturining bir qismi hisoblanadi. Uning doirasida hokimiyat organlari tadbirkorlik va shaharsozlik maqsadlari uchun mo‘ljallangan qariyb 8 ming gektar yer uchastkalarini auksionga chiqarishni rejalashtirmoqda.