Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Gruziya o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadida ikki tomonlama savdoni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Mazkur masala 12 oktyabr kuni Sinandalida bo‘lib o‘tgan ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning 11-yig‘ilishida ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishga O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Gruziya bosh vaziri o‘rinbosari — iqtisodiyot va barqaror rivojlanish vaziri Mariam Kvrivishvili hamraislik qildi.
Tomonlar erkin savdo rejimi imkoniyatlaridan yana-da faol foydalanish, shuningdek, sanoat, qurilish, qishloq xo‘jaligi, energetika va moliya sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv ishtirokchilari Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirish va Gruziyaning Poti portida O‘zbekiston logistika markazini tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Mavjud maʼlumotlarga ko‘ra, portdan o‘zbek mahsulotlarini Yevropaga yetkazib berish bo‘yicha ilk sinov yuk jo‘natmasi ham amalga oshirilgan.
Hamkorlikning boshqa ustuvor yo‘nalishlari sifatida sanoat kooperatsiyasini yo‘lga qo‘yish, aviaqatnovlarni kengaytirish, turizmni rivojlantirish va hududlararo aloqalarni mustahkamlash qayd etildi.
Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini 2027 yil bahorida Toshkent viloyatida o‘tkazish rejalashtirilgan.