Iqtisod

“O‘zbekko‘mir” 2026 yilda aholiga 1,53 mln tonna ko‘mir yetkazib beradi

“O‘zbekko‘mir” 2026 yilda aholiga 1,53 mln tonna ko‘mir yetkazib beradi
“O‘zbekko‘mir” 2026 yilda aholiga 1,53 mln tonna ko‘mir yetkazib beradi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekko‘mir” AJ 2026 yilda aholiga 1 mln 530 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Ayni paytda kompaniya mahsulotni hududlar o‘rtasida bosqichma-bosqich taqsimlab, birja savdolariga chiqarmoqda.

Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari aholisining ehtiyojlarini qondirish uchun mo‘ljallangan ko‘mirning dastlabki partiyalari allaqachon birja orqali sotildi. Ularni xususiy tadbirkorlar xarid qilgan bo‘lib, hozirda zarur shartnomalarni rasmiylashtirish va mahsulotni tegishli hududlarga yetkazib berishni tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Ko‘mir omborlarga kelib tushganidan so‘ng tadbirkorlar uni mycoal.uz elektron platformasi orqali aholiga sotadi. Sotuvlar boshlangani haqidagi maʼlumotlar, omborlar manzillari, mavjud ko‘mir hajmlari va boshqa zarur maʼlumotlar platformada har bir hudud bo‘yicha alohida joylashtiriladi.

Shu munosabat bilan aholiga ko‘mir sotuvi haqidagi maʼlumotlarni faqat rasmiy manbalar va mycoal.uz platformasi orqali olish tavsiya etilmoqda.

Shu bilan birga, hududlarda xonadonlar ro‘yxatini shakllantirish va aholining ko‘mirga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash ishlari davom etmoqda.

“O‘zbekko‘mir”da taʼkidlanishicha, xonadonlarning ehtiyojlari to‘g‘risida to‘liq maʼlumotlarni tezkor shakllantirish mahsulotni samarali taqsimlash va hududlarga o‘z vaqtida yetkazib berish uchun zarur.

Kompaniya, shuningdek, tasdiqlangan balans doirasida mahalliy ko‘mirni birja savdolariga chiqarish choralarini ko‘rmoqda.

Shu bilan birga, savdolarda g‘olib bo‘lgan tadbirkorlarga mahsulotni yuklash va yetkazib berish jarayonlari muvofiqlashtirilmoqda.

“O‘zbekko‘mir” AJ aholiga ko‘mir yetkazib berishda ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga amal qilishini maʼlum qildi. Kompaniya mahalliy ko‘mirni taqsimlash va sotish jarayoni haqida jamoatchilikni muntazam xabardor qilib borishni ham rejalashtirmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.