Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Italiyaning APRI International Srl kompaniyasi biznes xizmatlari va professional hamjamiyatlarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirish niyatida. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
O‘zbekiston SSP raisi maslahatchilari Alisher Shayxov va Jamil Maksudiy APRI International Srl prezidenti Luidji Alfredo Karunchio bilan uchrashuv o‘tkazdi.
APRI International Srl mustaqil mutaxassislar, jumladan, frilanserlar, advokatlar, konsultantlar va boshqa professionallar, shuningdek, professional assotsiatsiyalarni xalqaro bozorlarga chiqish va xorijdagi faoliyatini rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, biznes xizmatlari sohasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri sheriklik o‘rnatish imkoniyatlarini muhokama qildi. Muhandislar, huquqshunoslar, auditorlar, moliyachilar va konsultantlar kabi erkin kasb egalari vakillari o‘rtasidagi hamkorlikka alohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv ishtirokchilari O‘zbekiston bozoriga chiqishdan manfaatdor bo‘lgan Italiya kompaniyalariga konsalting va yuridik yordam ko‘rsatish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar muayyan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish va hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolashga kelishib oldi.