Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 24 sentyabrdan 3 oktyabrga qadar Bokuda O‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun xalqaro biznes dasturi o‘tkaziladi. Dasturning asosiy qismi 25 dan ortiq mamlakatdan 350 nafardan ziyod vakil ishtirokidagi CAMCA Regional Forum forumi bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Forumda vazirlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, investitsiya jamg‘armalari vakillari, tadbirkorlar hamda yirik kompaniyalar ishtirok etadi.
Dastur doirasida ishtirokchilar uchun xalqaro biznes va investitsiya hamjamiyati vakillari bilan ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, xorijiy kompaniyalar bilan B2B uchrashuvlar o‘tkazish, yangi sheriklik va investitsiya loyihalarini muhokama qilish imkoniyatlari yaratiladi.
Shuningdek, dastur tadbirkorlarning mintaqaviy ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirishga qaratilgan.
Tadbir tashkilotchilari Biz Network va CAMCA Network hisoblanadi.
Tadbirning to‘liq dasturi va ishtirok shartlari ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga taqdim etiladi.