Turizm

Borsakelmas sho‘rxokligida YONAR festivali o‘tkazildi

Borsakelmas sho‘rxokligida YONAR festivali o‘tkazildi
Borsakelmas sho‘rxokligida YONAR festivali o‘tkazildi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘ziga xos tabiiy landshaftlaridan biri bo‘lgan Qo‘ng‘irot tumanidagi “Borsakelmas sho‘rxokligi” hududida “YONAR” xalqaro eksperimental san’at va kreativ turizm festivali bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamda “Stixiya” elektron musiqa, san’at va fan festivali hamkorligida tashkil etilgan tadbir Nukus shahridan qariyb 200 kilometr uzoqlikdagi noyob tabiiy hududda zamonaviy san’at, ijodkorlik, kreativ industriyalar va turizmni birlashtirgan xalqaro maydonga aylandi.

Festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad — zamonaviy san’at orqali Qoraqalpog‘istonning betakror tabiiy landshaftlari, o‘ziga xos muhiti va turistik imkoniyatlarini xalqaro auditoriyaga namoyish etish, shuningdek, yangi kreativ turistik mahsulotlarni shakllantirishdan iborat. 

“YONAR” festivalida 70 nafar xorijiy va mahalliy ishtirokchi qatnashib, hududning tabiiy muhiti bilan uyg‘unlashgan 7 turdagi art-installyatsiyalarni barpo etdi. Ular orasida «Молекула», «Андроид», «Зеркальный куб», «Алый параллелепипед», «Скорпион», «Двойная НЛО» va «Алый Марс» kabi ijodiy kompozitsiyalar o‘rin oldi. 

Festival ishtirokchilari an’anaviy o‘tovlarda istiqomat qildi. Hududda elektr ta’minoti generatorlar orqali yo‘lga qo‘yildi. Tadbirning o‘ziga xos jihatlaridan biri — festival hududida savdo-sotiqning yo‘lga qo‘yilmagani bo‘ldi. Ishtirokchilarning yashashi va ijod qilishi uchun zarur sharoitlar jamoaviy hamkorlik va o‘zaro yordam tamoyili asosida yaratildi. 

Festival yakunida an’anaga ko‘ra installyatsiyalardan biri ramziy tarzda yoqib yuborildi. Bu tadbirning o‘ziga xos yakuniy marosimiga aylandi. Festival tugagach, ishtirokchilar tomonidan oromgoh hududi to‘liq tozalanib, tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabat va ekologik tamoyillarga rioya etildi. 

“YONAR” xalqaro festivalining Borsakelmas sho‘rxokligi kabi noodatiy tabiiy hududda o‘tkazilishi Qoraqalpog‘istonda madaniy, kreativ va ekologik turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish, hududning turistik jozibadorligini xalqaro auditoriyaga namoyish etish hamda zamonaviy san’at va turizm o‘rtasida yangi hamkorlik imkoniyatlarini yaratishga xizmat qilmoqda.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.