Iqtisod

O‘zbekiston va Ruminiya farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytiradi

O‘zbekiston va Ruminiya farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Ruminiya farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Videodan olingan kadr.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Ruminiya farmatsevtika sohasida hamkorlik qilishning yangi imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov O‘zbekistondagi Ruminiyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Daniel Kristian Chobanu bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar asosiy eʼtiborni qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish, texnologiyalar transferi, shuningdek, ilmiy va taʼlim sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratdi.

Daniel Kristian Chobanu O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar yuqori darajada ekanini taʼkidladi. U ikki mamlakat hamkorligining muvaffaqiyatli misoli sifatida Rompharm NS qo‘shma korxonasi faoliyatini qayd etdi.

Muzokaralar davomida Ruminiya farmatsevtika kompaniyalarini O‘zbekistonda qo‘shma ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishga jalb qilish masalasi ham muhokama qilindi.

Hamkorlikning alohida yo‘nalishlari sifatida laboratoriya faoliyati, ilmiy tadqiqotlar va farmatsevtika sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlash belgilandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar farmatsevtika sohasida amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.

 

Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.