Yaponiya kompaniyalari Toshkent viloyati uchun loyihalar taklif qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyati hokimi Zoir Mirzayev Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda tomonlar hududda investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Taklif etilgan loyihalar qatorida IT-autsorsing markazini tashkil etish, Nurafshonda «aqlli shahar» pilot loyihasini ishga tushirish hamda yapon mebeli va dizayni klasterini tashkil etish bor. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Uchrashuv davomida ishtirokchilar Yaponiyaning raqamli transformatsiya, yashil texnologiyalar va sanoatni modernizatsiya qilish sohalaridagi ilg‘or tajribasi yuzasidan fikr almashdi, shuningdek, Toshkent viloyatining investitsiyaviy imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Zoir Mirzayev viloyatda xorijiy investorlar, jumladan, axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar uchun qulay sharoitlar yaratilganini taʼkidladi.
Yaponiya kompaniyalariga IT-autsorsing markazini tashkil etish va Nurafshonda «aqlli shahar» pilot loyihasini amalga oshirish taklif qilindi.
Shuningdek, davlat boshqaruvi, kommunal xo‘jalik, tibbiyot va transport sohalarida raqamli yechimlarni joriy etish imkoniyati muhokama qilindi.
Mebel sanoatini rivojlantirish alohida yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqildi. Tomonlar “Saydovul” sanoat zonasida yapon mebeli va dizayni klasterini tashkil etish taklifini muhokama qildi. Loyiha yapon mebeli ishlab chiqarishini mahalliylashtirish va keyinchalik tayyor mahsulotlarni tashqi bozorlarga eksport qilishni nazarda tutadi.
Kadrlar tayyorlash masalasi ham uchrashuv kun tartibidan o‘rin oldi. Yaponiya kompaniyalari bilan hamkorlikda kasbiy taʼlim va yapon tilini o‘rganish markazlarini tashkil etish taklif qilindi. U yerda yoshlar zamonaviy standartlarga muvofiq IT, tibbiy parvarish va mebel ishlab chiqarish yo‘nalishlarida tayyorgarlikdan o‘tishi ko‘zda tutilmoqda.
Muzokaralar yakunida tomonlar muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy hamkorlikni davom ettirish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishib oldi.