“O‘zbekneftegaz” sutkalik gaz qazib olishni 3,9 mln m³ ga oshiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftegaz” AJ boshqaruv raisi Abdug‘ani Sang‘inov yangi quduqlarni ishga tushirish hisobiga to‘qqiz oylik davr yakuniga qadar tabiiy gazning sutkalik qazib olish hajmini 3,9 mln kub metrga oshirishni topshirdi. Yana sutkasiga 460 ming kub metr gazni 16 ta quduqni kapital taʼmirlash orqali olish rejalashtirilgan. Bu haqda “O‘zbekneftegaz” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Kompaniyada o‘tkazilgan kengaytirilgan apparat yig‘ilishi to‘qqiz oylik davr yakunlari bo‘yicha kutilayotgan ishlab chiqarish-iqtisodiy ko‘rsatkichlar, mavjud xatarlar va yil oxiriga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarga bag‘ishlandi.
Yig‘ilish o‘tkazilgan vaqtda to‘qqiz oylik davr yakuniga qadar 24 kun qolgan edi. Shu munosabat bilan kompaniya rahbariyatiga har bir yo‘nalish bo‘yicha rejalar ijrosiga eʼtibor qaratish, mavjud kamchiliklarning aniq sabablarini belgilash va qisqa muddatlarda zarur choralarni ko‘rish topshirildi.
«Bugun har bir yo‘nalish bo‘yicha aniq savol qo‘yilishi kerak: nimani rejalashtirgan edik, nimalarga erishdik, nimalar bajarilmay qoldi, qolgan qisqa muddatda yana nimalarni amalga oshirishimiz kerak va qanday natijaga erishishimiz lozim?» — dedi Abdug‘ani Sang‘inov.
Yig‘ilishda tabiiy gaz qazib olish rejasining bajarilishiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni safarbar etish, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan qazib olish surʼatlarini barqarorlashtirish va mavjud zaxiralardan samarali foydalanish topshirildi.
Buning uchun har bir kon, quduq va obyektdagi vaziyat tahlilini kuchaytirish, ishlarni manzilli tashkil etish hamda yillik rejani bajarish bo‘yicha amaliy choralarni jadallashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Yig‘ilishda avgust oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan quduqlar bo‘yicha ham natijalar sarhisob qilindi. Shu bilan birga, sentyabr rejasida nazarda tutilgan quduqlarni to‘qqiz oylik davr yakuniga qadar ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Buning hisobiga sutkalik qazib olish hajmini 3,9 mln kub metrga oshirish kerak.
Sutkasiga qo‘shimcha 460 ming kub metr gaz qazib olish 16 ta quduqni kapital taʼmirlash hisobiga taʼminlanishi lozim.
Qayta ishlash sohasida yig‘ilish ishtirokchilari gaz kondensati, oltingugurt va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hajmlarini tahlil qildi. Tizim korxonalariga yil yakuni bo‘yicha ushbu mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini belgilangan rejaning 120 foiziga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, neft mahsulotlarini qayta ishlovchi korxonalarni xomashyo bilan taʼminlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishning alohida qismi avariyaviy to‘xtashlarning oldini olish, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, transport vositalarining holati, raqamlashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
Jumladan, masʼul shaxslarga 1 oktyabrga qadar gaz bosimini oshiruvchi kompressor stansiyalarini ishga to‘liq tayyorlash topshirildi.
Raqamlashtirish masalasi muhokama qilinganda Abdug‘ani Sang‘inov joriy etilayotgan yechimlarning amaliy samaradorligi asosiy mezon bo‘lib qolishi kerakligini taʼkidladi.
«Biz raqamlashtirishni taqdimotlar va hisobotlarda emas, balki ishlab chiqarish samaradorligida ko‘rishimiz kerak», — dedi boshqaruv raisi.
Yig‘ilishda “E-Kon”, «Burg‘ilash markazi», ERP va BI tizimlarini joriy etish, shuningdek, neft bazalarini raqamlashtirishni yakunlashning yakuniy muddatlari belgilandi.
Ayni vaqtda kompaniyada 2027 yilga tayyorgarlik ham boshlandi. Geologiya-qidiruv ishlari dasturi, geologik-texnik tadbirlar, qazib olish va ishlab chiqarish balansi, qurilishning manzilli dasturi, investitsiya dasturi hamda xaridlar portfelini shakllantirishni jadallashtirish vazifalari belgilandi.
«To‘qqiz oylik davrni ijobiy yakunlash uchun bizda 24 kun bor. 24 kun — qisqa muddat. Ammo barcha yo‘nalishlarda ishlarni to‘g‘ri tashkil etib, kunlik nazoratni taʼminlasak, natijaga erishish mumkin. Har bir rahbar o‘z yo‘nalishi bo‘yicha yakuniy natija uchun shaxsan javob beradi», — dedi Abdug‘ani Sang‘inov.
Yig‘ilishning asosiy vazifalari sifatida belgilangan ko‘rsatkichlar ijrosini kuchaytirilgan nazorat ostida taʼminlash, orqada qolishlarni bartaraf etish, shuningdek, kompaniyaning moliyaviy va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish belgilandi.