O‘zbekiston va Gonkong huquqiy va biznes hamkorligini kengaytiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Gonkong savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, yuridik xizmatlar va xalqaro arbitraj sohalarida hamkorlik qilish masalalarini muhokama qildi. Muzokaralar 27 avgust kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Gonkong Adliya departamenti rahbari, adliya masalalari bo‘yicha kotib Pol Lam boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Adliya vazirligi, Toshkent xalqaro arbitraj markazi (TIAC), mamlakatning yetakchi yuridik kompaniyalari, shuningdek, Gonkong Savdo-sanoat palatasi, Gonkong biznes uyushmalari, tashkilotlari va xalqaro yuridik kompaniyalar Butunjahon federatsiyasi hamda huquqiy, moliyaviy va biznes sohalarida faoliyat yurituvchi tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Asosiy mavzulardan biri ikki tomon ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni rivojlantirish bo‘ldi. Ishtirokchilar investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish va biznesni yuridik jihatdan qo‘llab-quvvatlash sohasida amaliy hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qildi.
Tomonlar xalqaro arbitraj va nizolarni hal etish mexanizmlariga ham alohida eʼtibor qaratdi. Toshkent xalqaro arbitraj markazi direktori Diana Bayzakova TIAC 2023 yildan buyon Gonkong xalqaro arbitraj markazi (HKIAC) bilan hamkorlikni rivojlantirib kelayotganini taʼkidladi.
Hamkorlik doirasida ikki arbitraj markazi transinstitutsional (cross-institutional) arbitraj reglamentini ishlab chiqdi. Uchrashuvda taʼkidlanganidek, hujjat xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan bo‘lib, uni amaliyotda qo‘llash tijorat nizolarini hal etishda bunday mexanizmga talab mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, Gonkong yuridik kompaniyalari va O‘zbekiston advokatlik tuzilmalari o‘rtasida kasbiy aloqalarni rivojlantirish masalasi ko‘rib chiqildi. Xususan, investitsiya loyihalarini yuridik jihatdan qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma korxonalar tashkil etish va tadbirkorlarga huquqiy xizmatlar ko‘rsatishda hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Kun tartibidan istiqbolli hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari ham o‘rin oldi. Tomonlar moliyaviy va bank xizmatlari, investitsiyalar, fintex, raqamli iqtisodiyot, yuridik xizmatlar va xalqaro arbitraj sohalarida hamkorlik qilish istiqbollarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Gonkong vakillari amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini tasdiqladi.