Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Xanchjou shahrida O‘zbekistondagi islohotlar va ularning natijalarini ilmiy o‘rganish bilan shug‘ullanadigan O‘zbekiston tadqiqotlari markazi tashkil etildi.
Markaz Markaziy Osiyoning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga bag‘ishlangan IX xalqaro simpozium doirasida ochildi. Bu haqda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi xabar berdi.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi yangi tadqiqot markaziga O‘zbekistondagi islohotlar haqidagi adabiyotlar va tahliliy nashrlarni taqdim etdi.
Simpoziumda «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov O‘zbekistonda raqamli davlat boshqaruvi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar va Xitoy bilan hamkorlik istiqbollari haqida maʼruza qildi.
Uning maʼlumotlariga ko‘ra, my.gov.uz portalidagi davlat xizmatlari soni 2024 yildagi 525 tadan 2026 yil avgust holatiga 905 taga yetgan. BMTning 2024 yilgi Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida O‘zbekiston 63-o‘rinni egallagan.
O‘zbekiston 2030 yilga qadar davlat xizmatlarining 90 foizdan ortig‘ini onlayn shaklga o‘tkazish va elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha dunyoning yetakchi 30 ta mamlakati qatoriga kirishni maqsad qilgan.
Maʼruzada O‘zbekiston va Xitoyning raqamli sohadagi qo‘shma tashabbuslariga oid takliflar ham ilgari surildi. Xususan, integratsiyalashgan davlat xizmatlarini joriy etish, «Elektron ipak yo‘li» doirasida hujjatlar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va mutaxassislar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.