Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) qo‘shma loyihalarni davom ettirish va agrar sektordagi tashabbuslarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Bu haqda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning FAO bosh direktori Syuy Dunyuy bilan uchrashuvida so‘z bordi.
Tomonlar qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan hamkorlik istiqbollari va amaldagi loyihalarni amalga oshirish jarayoni yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonning mintaqadagi o‘rni va mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida eʼtibor qaratildi. Ishtirokchilar xalqaro ahamiyatga ega masalalarni ko‘tarib chiqayotgan yangi avlod yetakchilari shakllanayotganini, shuningdek, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash va ularning o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni taʼkidladi.
Agrar sektordagi xotin-qizlar yutuqlariga misol sifatida «Quva anori» agrofirmasi rahbari Masturaxon Sayfuddinovaning faoliyati qayd etildi.
Uning muvaffaqiyatlari mamlakatda yaratilayotgan shart-sharoitlar, imkoniyatlarning kengaytirilishi va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash choralarining natijasi sifatida baholandi. Uchrashuvda taqdim etilgan maʼlumotlarga ko‘ra, Sayfuddinova yuzlab nomzodlar orasidan saralab olingan va yuksak eʼtirofga sazovor bo‘lgan.
Tomonlar qo‘shma loyihalarni izchil davom ettirish zarurligini taʼkidladi.
Shuningdek, ular amalga oshirilayotgan islohotlar kelgusi o‘n yil davomida O‘zbekistondagi o‘zgarishlarning keyingi bosqichi uchun asos bo‘lishiga ishonch bildirdi.