Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 14 oktyabr kuni Ostona shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT)ga aʼzo davlatlar vakillari ishtirokida mintaqaviy transport hamkorligini rivojlantirishga oid hujjatlarni kelishishga bag‘ishlangan ekspertlar uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muhokamalarning asosiy mavzulari Ostona deklaratsiyasi loyihasi hamda IHTning 2026–2035 yillarga mo‘ljallangan transport strategiyasi bo‘ldi.
Ushbu hujjatlar tashkilotga aʼzo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, transport bog‘liqligini rivojlantirish va xalqaro tashuvlar samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Uchrashuv IHTga aʼzo davlatlar transport vazirlarining 14-yig‘ilishi arafasida tashkil etildi.
Ishtirokchilar mintaqaning transport-logistika tizimini rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlari, xalqaro transport yo‘laklarini takomillashtirish, shuningdek, infratuzilmaviy va maʼmuriy to‘siqlarni bartaraf etish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Tashkilotga aʼzo mamlakatlar o‘rtasida tovarlarning yana-da erkin harakatlanishi uchun sharoit yaratishga alohida eʼtibor qaratildi.
Strategik hujjatlarni kelishish transport sohasidagi hamkorlikning kelgusi o‘n yillik uchun asosiy yo‘nalishlarini belgilashga xizmat qiladi.