7
Iqtisod

Toshkentda Xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi

Toshkentda Xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
Toshkentda Xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi / Foto: “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrida Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimiga kiradigan davlat Xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. O‘zbekiston Prezidenti yangi oliy taʼlim muassasasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni 2026 yil 16 oktyabrda imzoladi (PQ-378-son).

Akademiya Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma taʼlim dasturi negizida tashkil etiladi. Hozirda mazkur dastur bo‘yicha tahsil olayotgan barcha talabalar yangi oliy taʼlim muassasasida o‘qishni davom ettiradilar va o‘qishni tamomlaganlaridan so‘ng Akademiya diplomini oladilar.

Taʼlim jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Talabalarni qabul qilish amaldagi qonunchilikka muvofiq, belgilangan umumiy tartibda amalga oshiriladi.

Qo‘shma taʼlim dasturidan tashqari, Akademiyaga bakalavriat va magistratura taʼlim dasturlari bo‘yicha mutaxassislarni mustaqil tayyorlash huquqi ham beriladi.

2027/2028 o‘quv yilidan boshlab oliy taʼlim muassasasida dual taʼlim shaklini joriy etish rejalashtirilgan. U to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj hamda charm-poyabzal sanoati korxonalari va tashkilotlarining buyurtmalari asosida mutaxassislar tayyorlashga yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, Akademiya negizida davlat buyurtmasi bo‘yicha turli tashkilotlar va xizmatlar uchun kiyim-kechak dizaynini ishlab chiqish yo‘lga qo‘yiladi.

Milliy brendlarni shakllantirish ham Akademiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi.

Yengil sanoat uchun kadrlar tayyorlaydigan texnikumlarning bitiruvchilari 2027/2028 o‘quv yilidan boshlab bakalavriatning uchinchi kursiga qabul qilinishi mumkin. Buning uchun ular o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlagan va Akademiya tomonidan belgilangan eng kam o‘rtacha ball talabiga javob bergan bo‘lishlari kerak.

Taʼlimni davom ettirish to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Qarorda, shuningdek, Akademiyaning xorijiy mutaxassislari, maʼmuriy xodimlari, ularning oila aʼzolari va xorijiy talabalar uchun belgilangan tartibda ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish hamda turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish choralari nazarda tutilgan.

Zarur hollarda Akademiyaning murojaatlari asosida vizalar va ro‘yxatdan o‘tkazish muddatlari uzaytiriladi.

Yangi oliy taʼlim muassasasi talabalari uchun 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Obyektni davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etish va 2028 yil oxiriga qadar foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Qurilish ishlari yakunlangunga qadar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat institutidan Akademiyaga o‘tkazilgan talabalar belgilangan tartibda Institutning talabalar turar joyidan foydalanishlari mumkin.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.