Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 18–19 noyabr kunlari Toshkentda gaz-kimyo sanoatini rivojlantirish, investitsiya imkoniyatlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga bag‘ishlangan «Azot Sintezgaz. O‘zbekiston va MDH» beshinchi xalqaro kongressi bo‘lib o‘tadi.
Tashkilotchilar maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda tarmoqning 200 dan ortiq rahbari va vakili ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida ammiak, metanol va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchilari, sintez-gazni qayta ishlash korxonalari, investorlar, texnologik kompaniyalar hamda uskunalar yetkazib beruvchilar bor.
Kongressning ishbilarmonlik dasturidan mintaqada sintez-gazni qayta ishlash istiqbollari, yangi investitsiya loyihalari, ekologik modernizatsiya va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan muhokamalar o‘rin oladi.
Muhokama qilinadigan mavzular qatoriga sunʼiy intellekt va Industry 4.0 yechimlarini qo‘llash, yangi avlod katalizatorlari, eksport yo‘nalishlari, logistika va taʼminot zanjirlari, shuningdek, gaz-kimyo loyihalarini moliyalashtirish kiradi.
Tashkilotchilar kongressda 40 dan ortiq maʼruzachi va tarmoq ekspertlari qatnashishini kutmoqda. Shuningdek, 15 dan ziyod istiqbolli investitsiya loyihasini taqdim etish rejalashtirilgan.
Ishbilarmonlik dasturidan tashqari, ishtirokchilar uchun oldindan kelishilgan jadval asosida individual uchrashuvlar, davra suhbatlari, biznes-tushliklar, ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish tadbirlari va yubileyga bag‘ishlangan kokteyl qabul marosimi tashkil etiladi.
Kongress yangi bozorlarga chiqish, investitsiyalar jalb qilish, texnologik hamkorlar topish va gaz-kimyo sanoatidagi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor kompaniyalar vakillariga mo‘ljallangan.
Tadbir 2026 yil 18–19 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadi. Ishtirok etish shartlari, homiylik imkoniyatlari va maʼruzachi sifatida qatnashish haqidagi maʼlumotlar kongressning rasmiy saytida eʼlon qilingan.