Iqtisod

Rossiya delegatsiyalari Quva Agro Star agrokompleksiga tashrif buyurdi

Rossiya delegatsiyalari Quva Agro Star agrokompleksiga tashrif buyurdi
Rossiya delegatsiyalari Quva Agro Star agrokompleksiga tashrif buyurdi / Foto: Farg'ona viloyat ma'muriyati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishida ishtirok etish uchun Farg‘ona viloyatiga kelgan Rossiya hududlari delegatsiyalari Quva tumanidagi Quva Agro Star agrokompleksiga tashrif buyurdi.

Korxonada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni saqlash, saralash, qayta ishlash va qadoqlashni birlashtirgan, keyinchalik eksport bozorlariga yo‘naltirishga mo‘ljallangan kompleks tizim yaratilgan.

Majmua 3,5 gektar maydonni egallaydi. Uning ishlab chiqarish quvvatlari yiliga 12 turdagi 5 ming tonnagacha mahsulot yetishtirish va tayyorlash imkonini beradi.

Korxona hududida yiliga 1 milliondan ortiq ko‘chat yetishtirishga mo‘ljallangan in vitro laboratoriyasi va ko‘chatxona faoliyat yuritmoqda. Ishlab chiqarishda xorijiy texnologiyalar va xalqaro tajribadan foydalanilmoqda.

Fermerlar va aholi uchun majmua huzurida Agrosanoat maktabi faoliyat yuritib, unda bog‘dorchilikning zamonaviy texnologiyalari bo‘yicha taʼlim berilmoqda.

Bundan tashqari, bu yerda 3,5 ming tonnagacha mahsulotni saqlash imkoniyatiga ega sovutish majmuasi ishlaydi. Korxonada mahsulotlarni saralash, qadoqlash va IQF shok usulida muzlatish liniyalari o‘rnatilgan.

Italiya va Ispaniya texnologiyalari asosidagi uskunalar meva-sabzavot mahsulotlarini eksport bozorlari talablarini inobatga olgan holda tayyorlash imkonini beradi.

Quva Agro Star mahsulotlari Yaponiya va Buyuk Britaniyaga yetkazib berilmoqda. 2025 yilda korxona birinchi marta aviacharter reyslaridan foydalangan holda mahsulotlarni Yaponiya va Janubiy Koreyaga eksport qilishni yo‘lga qo‘ydi.

Ayni paytda korxonada 80 nafardan ortiq xodim mehnat qilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.