Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Yaponiyaning Trust Engineering Partners kompaniyasi vakillari Farg‘ona viloyati rahbariyati bilan ipak sanoati sohasida loyiha ishga tushirish imkoniyatini muhokama qildi.
8 oktyabr kuni viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kompaniya vakili Takefumi Mayuma boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Uchrashuvda asosiy eʼtibor yapon tomonining ipakchilik sohasida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va hamkorlikni yana-da rivojlantirish bo‘yicha takliflariga qaratildi.
Trust Engineering Partners vakillari O‘zbekistonda, xususan, Farg‘ona viloyatida faoliyat boshlashdan manfaatdor ekanini bildirdi. Yaponiya tomoni ipakchilikni rivojlantirish va mamlakatning anʼanaviy ipak sanoatini qayta tiklashga qaratilgan loyihani amalga oshirishni taklif qildi.
Muzokaralar davomida Farg‘ona vodiysi qadim zamonlardan Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgani, hududda ipakchilik va ipak mahsulotlari ishlab chiqarish anʼanalari shakllangani taʼkidlandi.
Hozirgi vaqtda viloyatda sohani rivojlantirish va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratishga qaratilgan qator loyihalar ham amalga oshirilmoqda.
Xayrullo Bozorov Farg‘onada to‘plangan tajriba va ipakchilik sohasidagi mavjud salohiyat yapon investorlari uchun qiziq bo‘lishi mumkinligini taʼkidladi. U yangi loyihani amalga oshirishda zarur ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Tomonlar davlat-xususiy sheriklik asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ham ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunida ishtirokchilar mintaqa salohiyatini o‘rganishni davom ettirish, «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish va loyihani amalga oshirishning bosqichma-bosqich tartibini belgilashga kelishib oldi.