Iqtisod

Farg‘onada O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Farg‘onada O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Farg‘onada O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘onada O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat hukumatlari vakillari, hududlar rahbarlari, vazirlik va idoralar, ishbilarmon doiralar hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirok etdi.

Yig‘ilish davomida O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Kengash ishtirokchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyevning tabrigini o‘qib eshittirdi. Rossiya Hukumati raisi birinchi o‘rinbosari Denis Manturov Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning tabrigini yetkazdi.

Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi siyosiy muloqot va ishonch tufayli O‘zbekiston–Rossiya munosabatlari strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga yetganini taʼkidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Farg‘ona viloyatida Rossiya kapitali ishtirokidagi 114 ta korxona faoliyat yuritmoqda. 2025 yilda viloyatning Rossiya bilan tovar aylanmasi 809 million dollarga yetdi, Farg‘ona mahsulotlarining Rossiya bozoriga eksporti esa qariyb 40 foizga oshdi.

Viloyatning investitsiya salohiyati haqida so‘z yuritar ekan, Bozorov Farg‘ona viloyati xalqaro Fitch Ratings va S&P Global Ratings agentliklaridan reyting baholarini olganini qayd etdi.

Ilgari surilgan tashabbuslar qatorida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yangi qo‘shma investitsiya loyihalarini shakllantirish, Farg‘onada raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellekt sohasida qo‘shma maydon tashkil etish, shuningdek, ikki mamlakat hududlarini bog‘laydigan agrologistika markazlari tarmog‘ini rivojlantirish taklif etildi.

Tomonlar, shuningdek, turistik dasturlarni rivojlantirish, madaniy-gumanitar va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni ko‘rib chiqdi. Xususan, 2027 yilda Rossiyada Farg‘ona viloyati va mamlakatning boshqa hududlari ishtirokida O‘zbekiston kunlarini o‘tkazish taklif etildi.

Xayrullo Bozorov har bir yirik hududlararo kelishuv bo‘yicha aniq loyihalar, masʼul ijrochilar, amalga oshirish muddatlari va kutilayotgan natijalar ko‘rsatilgan qo‘shma yo‘l xaritalarini ishlab chiqish zarurligini taʼkidladi.

Yig‘ilish ishtirokchilari savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni, sanoat kooperatsiyasini, shuningdek, taʼlim, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, turizm hamda madaniy-gumanitar munosabatlar sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Biznes vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish hamda erishilgan hududlararo kelishuvlarni aniq loyihalarga aylantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha hamkorlikka oid hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Xususan, Xayrullo Bozorov va Omsk viloyati gubernatori Vitaliy Xotsenko sanoat sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni almashdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.