Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektdan foydalangan holda qiymati 2 mlrd dollar bo‘lgan «aqlli shahar» loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Ohangaron tumani hokimligi va Janubiy Koreyaning NCG GROUP kompaniyasi investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Hujjatda tomonlarning Smart City («Aqlli shahar») loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirishdagi hamkorligi nazarda tutilgan. Loyiha konsepsiyasi zamonaviy raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini qo‘llashga asoslangan.
Loyiha tuman infratuzilmasini modernizatsiya qilish va aholi uchun zamonaviy yashash muhitini yaratishga qaratilgan. Uning doirasida shaharsozlik va infratuzilma sohalariga ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, davlat va kommunal xizmatlar samaradorligini oshirish, energetika resurslaridan oqilona foydalanish hamda ekologik barqarorlikni taʼminlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, sunʼiy intellekt va raqamli yechimlar yordamida turli jarayonlarni avtomatlashtirish ko‘zda tutilgan. Bu boshqaruv sifatini yaxshilash va aholi uchun xizmatlardan foydalanishni yana-da qulaylashtirish imkonini berishi kutilmoqda.
Loyihaning alohida yo‘nalishlaridan biri tumanning sanoat va ishlab chiqarish salohiyatini kengaytirishdan iborat. Xususan, Janubiy Koreyaning yirik LG va Samsung kompaniyalari ishtirokida ishlab chiqarish korxonalarini qurish rejalari maʼlum qilindi.
Loyiha tashabbuskorlarining rejasiga ko‘ra, yangi ishlab chiqarish korxonalari xorijiy investitsiyalar oqimini ko‘paytirish, qo‘shimcha ishlab chiqarish quvvatlari va mahalliy aholi uchun yangi ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
Hokimlik taʼkidlashicha, loyiha nafaqat infratuzilmani yangilash, balki tuman iqtisodiyotini, raqamli iqtisodiyotni va xalqaro investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirishga ham qaratilgan.
Imzolangan memorandum hamkorlikning dastlabki bosqichini belgilaydi. Keyingi bosqichlarda tomonlar loyihaning texnik, iqtisodiy va tashkiliy parametrlarini ishlab chiqish, shuningdek, uni amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni belgilashni rejalashtirmoqda.