Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasida raisning ikki nafar o‘rinbosari tayinlandi. Doniyor Habibullayev soha korxonalari faoliyatini tahlil qilish, ishlab chiqarishni muvofiqlashtirish va yashil iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari bilan shug‘ullanadi.
Saida Mirhamidova esa to‘qimachilik sanoatida xalqaro aloqalar va raqamlashtirish masalalari bo‘yicha rais o‘rinbosari etib tayinlandi.
Doniyor Habibullayev 1980 yil 9 martda tug‘ilgan. U 2001 yilda Andijon muhandislik-iqtisodiyot instituti bakalavriatini, 2003 yilda esa Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti magistraturasini tamomlagan. “Muhandis-texnolog” mutaxassisligi bo‘yicha oliy maʼlumotga ega, shuningdek, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) darajasini olgan.
Habibullayev 2003 yildan buyon pillachilik va yengil sanoat, tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar hamda loyihalar monitoringi sohalarida faoliyat yuritgan.
2018–2022 yillarda u “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining hududiy va xorijiy loyihalar monitoringi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlagan. 2022 yil noyabridan boshlab esa tashkilotning loyihalar monitoringi boshqarmasiga rahbarlik qilgan.
Saida Abduaxatovna Mirhamidova 1987 yil 26 oktyabrda Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. U Jizzax politexnika institutini tamomlagan, Soliq akademiyasida tahsil olgan va Cyprus American University‘da biznes boshqaruvi magistri (MBA) darajasini olgan. Rus, turk va ingliz tillarini biladi.
Mirhamidova boshqaruv, marketing va ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritgan. 2024 yilda “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining Farg‘ona vodiysi boshqarmasiga rahbarlik qilgan. 2025 yil avgustidan boshlab esa International Export Consulting Agency (IECA) agentligini boshqargan.
U o‘z faoliyati davomida xalqaro aloqalar va eksportni rivojlantirish, soha korxonalariga xalqaro buyurtmalarni olish hamda yangi tijorat imkoniyatlarini o‘zlashtirishda ko‘maklashish bilan shug‘ullangan. Mirhamidova, shuningdek, B2TEXT va Production Tours loyihalari muallifi hisoblanadi.
Yangi lavozimida u xalqaro hamkorlikni kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish va O‘zbekiston to‘qimachilik sanoatini raqamlashtirishga eʼtibor qaratadi.