Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyatidagi “Do‘stlik” chegara bojxona postida dastlabki qiymati 1 mlrd 135 mln so‘mlik deklaratsiya qilinmagan tovarlar turkumi aniqlandi.
Bojxona xodimlari yuk hujjatlari va elektron deklaratsiyalarni o‘rganish jarayonida olib o‘tilayotgan yuklarning mazmuniga nisbatan shubha paydo bo‘lgan. Transport vositalari tekshiruvdan o‘tkazish uchun “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilgan.
Bojxona ko‘rigi davomida hamrohlik hujjatlari va deklaratsiyada ko‘rsatilmagan tovarlar aniqlangan.
Jumladan, 23 ming dona velosiped shinalari hamda elektr motorollerlar uchun mo‘ljallangan 2 200 dona qo‘rg‘oshinli akkumulyatorlar aniqlangan.
Aniqlangan tovarlar vaqtincha saqlash joyiga joylashtirildi.
Mazkur holat yuzasidan tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakunlari bo‘yicha holatga tegishli huquqiy baho beriladi.