Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘onada O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishi doirasida ikki mamlakat hududlari rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv erishilgan kelishuvlardan aniq loyihalarni amalga oshirishga o‘tish masalasiga bag‘ishlandi.
Uchrashuvda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Mixail Kotyukov, shuningdek, O‘zbekiston va Rossiyaning qator hududlari rahbarlari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar hududlararo hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma investitsiyaviy va kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, Hududlar kengashi doirasidagi hamkorlik mexanizmlari samaradorligini oshirish masalalarini muhokama qildi.
Xayrullo Bozorov ikki mamlakat hududlari salmoqli iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatga ega ekanini, shuningdek, hamkorlik tajribasi shakllangani va ko‘plab kelishuvlar imzolanganini taʼkidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi bosqichda asosiy eʼtiborni nafaqat hududlar imkoniyatlarini taqdim etishga, balki eng avvalo ularni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarish va aniq natijalarga erishishga qaratish zarur.
Hududlar kengashini doimiy hamkorlik mexanizmi sifatida rivojlantirish, rahbarlar darajasida kelishuvlarga erishish bilan aniq loyihalarni ishga tushirish o‘rtasidagi muddatni qisqartirish, shuningdek, hududlararo hamkorlikning mavjud imkoniyatlaridan yana-da to‘liq foydalanish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Rossiya hududlari rahbarlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarga biznes vakillarini yana-da faol jalb qilish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish zarurligini taʼkidladi.
Uchrashuv ishtirokchilari ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish uchun zarur mexanizmlar va imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi. Asosiy vazifalar qatorida erishilgan kelishuvlarni tizimli ravishda amalga oshirish, istiqbolli tashabbuslarni aniq loyihalarga aylantirish va ularni ishga tushirishni jadallashtirish belgilandi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar hududlararo hamkorlikni yangi amaliy loyihalar va tashabbuslar bilan to‘ldirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.