Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida turizm, madaniyat va kreativ industriyalar sohalaridagi hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi raisi Abdulaziz Akkulovning Hindistonda turizm va madaniyat masalalari bo‘yicha O‘zbekiston elchisi Ritu Beri bilan uchrashuvi mamlakatning turistik salohiyatini targ‘ib qilish va qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlandi.
Tomonlar turistik almashinuvni rivojlantirish, madaniyat, sanʼat, hunarmandchilik, moda va kreativ iqtisodiyot sohalarida hamkorlik qilish, shuningdek, O‘zbekistonni Hindiston turistik bozorida targ‘ib etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuvda so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar strategik ahamiyat kasb etayotgani taʼkidlandi.
2026 yil avgust oyida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekistonga davlat tashrifi va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralari davomida ikki tomonlama aloqalarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasida yana-da rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Tashrifning amaliy natijalaridan biri 2026–2028 yillarga mo‘ljallangan turizm sohasida hamkorlik dasturining imzolanishi bo‘ldi. Hujjat turistik almashinuvni kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, madaniy tadbirlar o‘tkazish va yangi turistik yo‘nalishlarni yaratish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Kirish shartlarining o‘zgartirilishi ham turistlar oqimini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratdi.
1 sentyabrdan boshlab Avstraliya, AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada, Koreya Respublikasi, Shengen kelishuvi ishtirokchi davlatlari, Yangi Zelandiya yoki Yaponiyaning amaldagi ko‘p martalik turistik yoki biznes vizasiga ega bo‘lgan Hindiston fuqarolari, shuningdek, o‘z mamlakatiga yoki uchinchi davlatga uchish uchun aviachiptasi mavjud bo‘lsa, ko‘rsatilgan xorijiy vizalardan birining amal qilish muddati doirasida O‘zbekistonga 30 kungacha vizasiz kirishi mumkin.
Turistik aloqalarni rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlarning kengayishi ham xizmat qilmoqda. 28 sentyabrdan «Centrum Air» aviakompaniyasi Toshkent – Haydarobod – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam reyslarni amalga oshirmoqda.
Yo‘nalish ishga tushirilgani munosabati bilan 2–5 oktyabr kunlari Haydarobod turistik sohasi vakillari uchun O‘zbekiston bo‘ylab tanishuv safari tashkil etildi. 5 oktyabr kuni Toshkentda Uzbekistan–India Travel & Tourism Business Forum va B2B uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda Hindiston modasi, dizayni va kreativ industriyalari sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlariga alohida eʼtibor qaratildi. Ritu Berining tajribasini inobatga olgan holda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, Hindiston moda va dizayn industriyasi vakillari hamda ixtisoslashgan ommaviy axborot vositalari uchun O‘zbekiston bo‘ylab tanishuv kreativ safari tashkil etish taklif qilindi.
Tomonlar, shuningdek, Hindistonda O‘zbekistonning zamonaviy turistik imijini shakllantirishga qaratilgan media va kreativ tashabbuslarni muhokama qildi. Mamlakatni targ‘ib qilishga hind dizaynerlari, ixtisoslashgan OAV, madaniy platformalar va jamoatchilik fikri yetakchilarini jalb etish taklif qilinmoqda.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Hindistonning to‘y industriyasi yetakchi vakillari va nufuzli ekspertlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, tomonlar Hindiston filmini O‘zbekistonda suratga olish imkoniyatini ishlab chiqish hamda qo‘shma tashabbuslarni tizimli amalga oshirish uchun alohida «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.
Uchrashuv ishtirokchilari turistik va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, yangi turistik mahsulotlar yaratish hamda O‘zbekistonni Hindiston bozorida targ‘ib qilish bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.