Shoshilinch
O‘zbekiston

Seulda ochilgan mushtarak kelajak: Koreya Respublikasi va O‘zbekistonning yangi hamkorlik yo‘li

Seulda ochilgan mushtarak kelajak: Koreya Respublikasi va O‘zbekistonning yangi hamkorlik yo‘li
Seulda ochilgan mushtarak kelajak: Koreya Respublikasi va O‘zbekistonning yangi hamkorlik yo‘li / Foto: Koreya Respublikasining O'zbekistondagi elchixonasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Koreya Respublikasi bilan «alohida strategik sheriklik» munosabatlarini o‘rnatgan Markaziy Osiyodagi yagona davlatdir. Men ushbu munosabatlarni muhim vazifalarni birgalikda hal etayotgan va uzoq istiqbolni ko‘zlayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi sheriklik sifatida ta’riflagan bo‘lardim.

14 sentabr kuni davlat tashrifi bilan Koreyaga kelgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ikki mamlakat rahbarlari temir yo‘llar va aeroportlardan tortib, strategik muhim minerallar, sun’iy intellekt, tibbiyot, ta’lim va hatto mudofaa sanoatigacha bo‘lgan keng ko‘lamli hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha mamlakatlarimiz turli sohalarda jami 13 ta kelishuv va o‘zaro anglashuv memorandumini imzolab, bugungi kunni ham, kelajakni ham birgalikda barpo etishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Ikki tomonlama munosabatlarning yorqin misollaridan biri transport sohasidagi hamkorlikdir. Yuqori tezlikdagi poyezdlarni yetkazib berish bilan bir qatorda, ikki mamlakat «Yangi Toshkent» aeroportini qurish hamda «Urganch» aeroportini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihalarini birgalikda amalga oshirmoqda. Temir yo‘llar va aeroportlarning rivojlantirilishi O‘zbekiston shaharlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi va xorijiy bozorlargacha bo‘lgan masofani qisqartiradi. Bu savdo va turizmni kengaytirishga, shuningdek, turli hududlardagi korxonalarning yanada kengroq bozorlarga chiqishiga xizmat qiladi. Koreyaning ushbu jarayondagi ishtiroki O‘zbekistonning iqtisodiy o‘sish yo‘lida birgalikda harakat qilishni ham anglatadi.

Strategik muhim minerallar va sun’iy intellekt, ayniqsa, kelgusidagi hamkorlik uchun katta istiqbolga ega yo‘nalishlar hisoblanadi. Mamlakatlarimiz geologik qidiruv va konlarni o‘zlashtirishdan tortib, foydali qazilmalarni qayta ishlashgacha bo‘lgan butun jarayonni qamrab olgan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, sun’iy intellektni qayta ishlash sanoatiga joriy etish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar. Ta’kidlashni istardimki, O‘zbekistonda qayta ishlash va ishlab chiqarish hajmlari izchil oshib borishi, mahalliy kompaniyalar va mutaxassislar esa yangi texnologiyalarni o‘zlashtirishi zarur. O‘z navbatida, ushbu jarayon koreyalik kompaniyalar uchun ham birgalikda rivojlanish imkoniyatlarini yaratadi. Ikki mamlakatning kuchli jihatlarini o‘zaro manfaatga aylantirish imkonini beradigan yo‘llarni birgalikda izlash muhim.

Ushbu rejalarni real loyihalarga aylantirish uchun kompaniyalar fikr almashishi va yuzaga kelayotgan masalalarni birgalikda hal qilishi mumkin bo‘lgan sharoitlarni yaratish zarur. Shu bois tashrif doirasida tashkil etilgan «Korea desk» va «Koreya-O‘zbekiston Iqtisodiy Assotsiatsiyasi»ga katta umid bog‘lanmoqda. Biznes uchun kimga va qanday tartibda murojaat qilish, yuzaga kelgan muammoni qanday hal etish mumkinligini tushunish muhim. Muloqot kanali yaratilsa va tomonlar bir-birini yaxshiroq tushunsa, bu yangi investitsiyalarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Odamlarning kundalik hayoti bilan bevosita bog‘liq sohalarda ham ko‘p ishlarni amalga oshirish lozim. Tibbiyot klasterini tashkil etish, shuningdek, farmatsevtika sektori va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashga xizmat qiladi. Ta’lim sohasidagi hamkorlikni va koreys tilini o‘qitishni kengaytirish yoshlarga kasbiy rivojlanish va ishga joylashish uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratadi. Orol dengizining cho‘llanishi va suv resurslarining yetishmasligi kabi ekologik muammolarni hal etish ikki mamlakat o‘z tajribasi va texnologiyalarini birlashtirishi lozim bo‘lgan vazifalardandir. Bunday hamkorlik izchil rivojlanib borsa, har ikki mamlakat xalqlari ikki tomonlama munosabatlarning mustahkamlanishi natijalarini yanada ko‘proq his etishlari mumkin bo‘ladi.

Ikki mamlakatning ko‘plab sohalarda, jumladan, iqtisodiyotda hamkorlik qilishi uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotgan omil — siyosiy ishonchdir. Sammit davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasining Koreya yarimorolida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqladi.

Kelasi yili Koreya Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi, shuningdek, koreyslarning Markaziy Osiyoga ko‘chirilganining 90 yilligi nishonlanadi. Koreys xalqi og‘ir davrlarda o‘zbek xalqi o‘z qo‘shnilari — koreys diasporasini bag‘riga olganini alohida minnatdorlik bilan yodda saqlaydi. Sammitda «Koreyslar tarixi muzeyi»ni qurish bo‘yicha qo‘shma loyihani yakunlash to‘g‘risida kelishuvga erishilgani ikki mamlakatning bebaho tarixni kelajak avlodlarga yetkazish borasidagi umumiy mas’uliyatidan dalolat beradi.

Koreya-O‘zbekiston sammitidan ikki kun o‘tib, 16 sentabr kuni Seulda yana bir muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ilk bor Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyoning besh mamlakati rahbarlari bir davra atrofida jamlandi. 2007 yilda «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo» hamkorlik forumi doirasida vazirlar darajasida boshlangan muloqot davlat rahbarlari darajasiga ko‘tarildi. Shu ma’noda, «Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo»ning ilk sammiti Koreyaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan munosabatlarida yangi boshlang‘ich nuqtaga aylandi.

Olti mamlakat masalalarni birgalikda muhokama qilganda, ko‘proq vazifalarni hal etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Logistika va ta’minot zanjirlari bir nechta davlat hududlarini qamrab oladi, iqlim o‘zgarishi muammosini esa faqat milliy chegaralar doirasida hal etib bo‘lmaydi. Bir mamlakatda to‘plangan hamkorlik tajribasi qo‘shni davlatlarga ham tatbiq etilsa, yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ham kengayadi. Koreya va O‘zbekistonning ikki tomonlama hamkorlik doirasida to‘plagan tajribasi Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi, shuningdek, ushbu jarayonda ikki mamlakatimiz kompaniyalari uchun ham yangi imkoniyatlar yaratadi.

Sammitda davlat rahbarlari tomonidan qabul qilingan «Seul deklaratsiyasi» bunday hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini aks ettiradi. Gap tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, sanoat va texnologiyalarni rivojlantirish, shuningdek, gumanitar almashinuvlarni kengaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarni bundan buyon ham birgalikda ilgari surish haqida bormoqda. Sanoat vazirlari darajasida yangi muloqot mexanizmining yaratilishi hamda sun’iy intellekt, iqlim va atrof-muhit sohalaridagi hamkorlik tashabbuslarining qabul qilinishi yetakchilar uchrashuvidan keyin tegishli idoralar va biznes oldida turgan vazifalarni aniq belgilashga xizmat qiladi. Kelgusida ushbu mexanizmlar doirasida o‘zaro ehtiyojlarni aniqlash va qo‘shma loyihalarni rivojlantirish mumkin bo‘ladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: ilgarilab rivojlanish sherikligi» uzoq muddatli istiqbolini ishlab chiqish, mamlakatda «Markaziy Osiyo – Koreya» sanoat-texnologik parkini tashkil etish hamda kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni taklif qildi. Sanoat-texnologik park tashkil etish tashabbusi ikki tomonlama hamkorlikni butun mintaqaga kengaytirish imkoniyatini namoyon etayotganini alohida ta’kidlash joiz. Ushbu tashabbusning amalga oshirilishi Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan korxonalar va mutaxassislarni Koreya va O‘zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan qo‘shma ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot loyihalariga jalb etishga xizmat qiladi.

Seulda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar tufayli ikki mamlakatimizning birgalikda ishlashi uchun imkoniyatlar yanada kengaydi. Ikki tomonlama hamkorlik chuqurlashdi, Markaziy Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar bilan hamkorlik yo‘llari esa kengaydi. Endilikda bir-birimizning kutishlarimiz va manfaatlarimizni diqqat bilan hisobga olish hamda erishilgan kelishuvlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish muhim. Elchixonamiz ham ikki mamlakat kompaniyalari, muassasalari va fuqarolariga ko‘mak ko‘rsatib, ular mavjud imkoniyat va salohiyatdan maksimal darajada foydalanishlari uchun doimo yonlarida bo‘ladi.

Von Do Yon,
Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi

Von Do Yon
Von Do Yon

Von Do Yon 2024-yil iyunidan buyon Koreya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Seul milliy universitetining bitiruvchisi, 1995-yildan davlat xizmatida: Koreya Respublikasi Mudofaa vazirligi, Davlat axborot agentligi va Tashqi ishlar vazirligida, jumladan, Bangladesh, Jeneva va Nyu-Yorkdagi (BMT huzurida) diplomatik vakolatxonalarda ishlagan. Toshkentga tayinlanishidan avval TIV Taraqqiyot yoʻlida xalqaro hamkorlik byurosiga rahbarlik qilgan. Oʻzbekistonda ikki davlat oʻrtasidagi alohida strategik sheriklikni savdo, investitsiyalar, energetika, togʻ-kon sanoati, taʼlim va mehnat migratsiyasi sohalarida rivojlantirishga koʻmaklashmoqda. «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formatidagi birinchi sammitni tayyorlashda ishtirok etgan.