Iqtisod

Farg‘ona va Tyuringiya iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi

Farg‘ona va Tyuringiya iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi
Farg‘ona va Tyuringiya iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi / Foto: Farg'ona viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Turingiya iqtisodiy rivojlanish agentligi (LEG Thüringen) bilan bog‘liq bo‘lgan Thuringia International Relations tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha loyiha menejeri Irina Xess boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Tomonlar hamkorlikning joriy holati va uni yana-da rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.

Uchrashuvda Tyuringiya delegatsiyalarining O‘zbekistonga muntazam tashriflari, shuningdek, hududlar va ishbilarmon doiralar vakillari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar muhim ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Tomonlarning baholashicha, bunday aloqalar o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Muzokara ishtirokchilari istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, Farg‘ona viloyati korxonalari va Tyuringiya kompaniyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashdi.

Germaniya tomoni vakillari Farg‘ona viloyati bilan hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi. Shuningdek, ular kelgusida Tyuringiyaning yirik iqtisodiy delegatsiyasi tarkibida viloyatga tashrif buyurish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish niyati borligini bildirdi.

Xayrullo Bozorov uchrashuv davomida bildirilgan taklif va tashabbuslar Farg‘ona viloyati uchun muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, belgilangan yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro tashriflar va ishbilarmonlik aloqalarini faollashtirish, hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitish hamda istiqbolli yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirishga kelishib oldi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.