Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Rim shahridagi O‘zbekiston elchixonasida Italiyaning Planet Farms kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, suv va yer resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Kompaniya takliflaridan biri O‘zbekistonda zamonaviy Smart Greenhouse intellektual issiqxonalar majmuasini tashkil etishdan iborat bo‘ldi. Loyiha, shuningdek, tayyor qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini saralash, qadoqlash va yetkazib berishni qamrab oluvchi yagona ishlab chiqarish zanjirini yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Planet Farms tomonidan taqdim etilgan texnologiyalar suv va yer resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, o‘g‘itlar sarfini kamaytirishga yo‘naltirilgan.
Kompaniya maʼlumotiga ko‘ra, ushbu texnologiyalar pestitsidlar va gerbitsidlardan foydalanmasdan, yuqori sifatli mahsulot yetishtirish imkonini beradi.
Uchrashuv ishtirokchilari ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, mahsulot yetishtirish va qadoqlash jarayonlarini yagona majmua doirasida birlashtirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, ishlab chiqarish jarayonlarini integratsiyalash va istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish sohasida hamkorlikni davom ettirishga qiziqish bildirdi.