Shoshilinch
Iqtisod

O‘zbekiston va Afg‘oniston agrar sohada hamkorlikni kengaytirmoqda

O‘zbekiston va Afg‘oniston agrar sohada hamkorlikni kengaytirmoqda
O‘zbekiston va Afg‘oniston agrar sohada hamkorlikni kengaytirmoqda / Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov 7–8 oktyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilayotgan xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun kelgan Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi, irrigatsiya va chorvachilik vaziri Atoulla Omari bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Uchrashuv davomida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning joriy holatini muhokama qilib, keyingi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab oldi.

Paxtachilik, urug‘chilik, bog‘dorchilik va meva-sabzavotchilik yo‘nalishlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tomonlar, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari o‘zaro savdosini kengaytirish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv ishtirokchilari kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Xususan, talabalarni zamonaviy agrar bilimlarga o‘qitish, fermerlar va mutaxassislarning malakasini oshirish, shuningdek, O‘zbekiston va Afg‘onistondagi ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari o‘rtasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar mutaxassislar va fermerlar malakasini oshirish bo‘yicha aniq va tizimli dastur ishlab chiqish maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha agrar sohadagi hamkorlikni yana-da mustahkamlash, yangi tashabbuslar va amaliy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida tajriba almashish mexanizmlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.