Iqtisod

Farg‘ona viloyati Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda

Farg‘ona viloyati Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda
Farg‘ona viloyati Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirmoqda / Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati delegatsiyasi Yaponiyaga amalga oshirgan ishchi tashrifi davomida turistik, madaniy va mintaqalararo aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan tadbirlarda ishtirok etdi.

Delegatsiyaga viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshidjon Ahmedov rahbarlik qildi. Safarda Rishton tumani hokimi Bahodir Xoliqov ham ishtirok etdi.

O‘zbekiston–Yaponiya turistik va biznes forumida viloyat vakillari hududning turistik imkoniyatlari, tarixiy-madaniy merosi va tabiiy diqqatga sazovor joylari haqida maʼlumot berdi.

Rishtonning anʼanaviy kulolchilik sanʼatiga alohida eʼtibor qaratildi. Mazkur hudud o‘zining hunarmandchilik anʼanalari bilan mashhur.

Delovegatsiya aʼzolari ishbilarmonlik uchrashuvlaridan tashqari, Yaponiyadagi anʼanaviy madaniy tadbirlarda ham ishtirok etdi. Maydzuru shahrida ular harbiy-dengiz obyektining turistik salohiyati bilan tanishdi.

Tashrif davomida Farg‘ona viloyati vakili Arofatxon Imomaliyevaning sportdagi yutug‘i ham eʼtirof etildi. U Yaponiyadagi anʼanaviy «Qizil g‘isht» marafonida qatnashib, uchinchi o‘rinni egalladi.

Tashkil etilgan tadbirlar Farg‘ona viloyatining turistik va madaniy salohiyatini xorijda targ‘ib qilish, tajriba almashish hamda O‘zbekiston va Yaponiya hududlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.