Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — «Uzbekistan Airways» tarkibiy bo‘linmasi bo‘lgan «Uzbekistan Airways Technics» MCHJ (UAT) 2026 yil sentyabr oyida Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) tomonidan o‘tkazilgan nazorat auditini muvaffaqiyatli yakunlab, Yevropa standartining Part-145 talablariga muvofiqligini tasdiqladi.
O‘tkazilgan audit UATning havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish tizimi, ishlab chiqarish jarayonlari va sifat standartlari Yevropa aviatsiya sohasida belgilangan talablarga muvofiq ekanini tasdiqladi.
Kompaniyada taʼkidlanishicha, mazkur natija xodimlarning belgilangan tartib-taomillarga rioya qilishi, professional kompetensiyalarni saqlab qolishi va ish jarayonlarini uzluksiz takomillashtirishni o‘z ichiga olgan doimiy faoliyati natijasi bo‘ldi.
EASA Part-145 talablariga muvofiqlik Uzbekistan Airways Technicsning havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish xalqaro bozoridagi mavqeini mustahkamlaydi hamda hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
UATda kompaniya mutaxassislarining salohiyatini rivojlantirish va aviatsiya sohasining zamonaviy talablarini inobatga olgan holda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yana-da takomillashtirishni davom ettirishi taʼkidlandi.
Uzbekistan Airways kompaniyasi Uzbekistan Airways Technics jamoasini nazorat auditini muvaffaqiyatli yakunlagani bilan tabriklab, bo‘linma xodimlarining professionalligini qayd etdi.