Iqtisod

Marg‘ilonda ishlab chiqarilgan kiyimlar Rossiya va boshqa davlatlarga eksport qilinmoqda

Marg‘ilonda ishlab chiqarilgan kiyimlar Rossiya va boshqa davlatlarga eksport qilinmoqda
Marg‘ilonda ishlab chiqarilgan kiyimlar Rossiya va boshqa davlatlarga eksport qilinmoqda / Foto: Farg'ona viloyat ma'muriyati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining III yig‘ilishida ishtirok etish uchun Farg‘ona viloyatiga kelgan Rossiya hududlari delegatsiyalari Marg‘ilon shahridagi “Narimteks” MCHJ tikuvchilik korxonasiga tashrif buyurdi.

Mehmonlarga Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov hamrohlik qildi.

Kompaniya 2008 yildan buyon faoliyat yuritib, ayollar kiyimlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Ayni paytda korxonada 250 kishi mehnat qilmoqda.

“Narimteks”da ishlab chiqarish jarayonlari zamonaviy talablarni inobatga olgan holda takomillashtirib borilmoqda. Korxonada Yevropa texnologiyalari, shuningdek, mahsulotlarni bichish, pardozlash va tikishning zamonaviy usullari qo‘llanilmoqda.

Kompaniya assortimenti 50 dan ortiq turdagi mahsulotning qariyb 7 ming modelini o‘z ichiga oladi. Korxona ko‘ylaklar, kostyumlar, nimchalar, palto va kurtkalar ishlab chiqaradi.

Mahsulotlarni ishlab chiqishda zamonaviy dizaynerlik yechimlari va fasonlar inobatga olinadi. “Narimteks” kiyimlari nafaqat ichki bozorda sotilmoqda, balki Rossiya, Qozog‘iston va Tojikistonga ham eksport qilinmoqda.

Tashrif davomida Rossiya vakillari ishlab chiqarishni tashkil etish jarayoni, qo‘llanilayotgan texnologiyalar hamda tayyor mahsulot namunalari bilan tanishdi.

Tomonlar alohida eʼtiborni eksport hajmini oshirish, mahsulotlarni yangi bozorlarga olib chiqish hamda yengil sanoat sohasida Farg‘ona viloyati va Rossiya hududlari o‘rtasidagi kooperatsiyani rivojlantirish istiqbollariga qaratdi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.