Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Turkiya qishloq xo‘jaligi sohasi uchun mutaxassislar tayyorlash hamda zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish niyatida. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.
Qishloq xo‘jaligi sohasi kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutida Turkiyaning TAYSEN GIDA TARIM HAYV. TUR. MAK. SAN. VE TİC. LTD. ŞTİ. kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Umut Efendi, Abidan Kilich va Ug‘ur Erilmaz ishtirok etdi.
Tomonlar issiqxona sharoitida qo‘ziqorin, qulupnay, pomidor va bodring yetishtirish bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish, shuningdek, bog‘dorchilikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Zamonaviy yetishtirish texnologiyalarini o‘rganish va xorijiy tajribani amaliyotda qo‘llashga alohida eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar ixtisoslashtirilgan malaka oshirish kurslari, amaliy seminarlar, mahorat darslari va tajriba almashish dasturlarini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha agrar soha mutaxassislarining amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni o‘zlashtirish hamda ilg‘or turk tajribasini O‘zbekistonda joriy etish sohalarida hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Kutilishicha, hamkorlik institutning xalqaro aloqalarini kengaytirish hamda zamonaviy kasbiy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega qishloq xo‘jaligi mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiladi.