Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi va «Savdo va servis» assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi xabar berdi.
Hujjatni Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi raisi Saidvali Nasreddinov va «Savdo va servis» assotsiatsiyasi raisi Zafar Hoshimov imzoladi.
Hamkorlikdan maqsad qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilaridan savdo tarmoqlari, mehmonxonalar va umumiy ovqatlanish korxonalarigacha bo‘lgan zanjirni yana-da mustahkamlashdan iborat.
Qayd etilganidek, bugungi kunda xaridorga sifatli mahsulot, zarur hajm, belgilangan standart va o‘z vaqtida yetkazib berish kerak. Ishlab chiqaruvchiga esa barqaror bozor va ishonchli xaridor zarur.
Ushbu ehtiyojlarni birlashtirish maqsadida hududlarda maxsus xablar tashkil etish konsepsiyasi muhokama qilindi. Ularda yagona tizim doirasida mahsulotlarni saralash va kalibrlash, qayta ishlash, qadoqlash, sifat talablariga muvofiq tayyorlash hamda savdo subyektlari va HoReCa korxonalariga yetkazib berish jarayonlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Natijada mahsulotning ishlab chiqaruvchidan xaridorgacha bo‘lgan harakati yana-da tizimli tarzda tashkil etiladi.
Imzolangan memorandum ushbu yo‘nalishda yangi loyihalar va amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.