Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zbekneftegaz” AJ yangi konlarni izlash, yer qaʼrilarini chuqur o‘rganish va uglevodorodlar zaxiralarini ko‘paytirish maqsadida geologiya-qidiruv ishlari ko‘lamini sezilarli darajada kengaytirdi hamda seysmik tadqiqotlarni o‘tkazish surʼatlarini jadallashtirdi. Bu haqda “O‘zbekneftegaz” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilda geologiya-qidiruv ishlarini jadallashtirish va uglevodorod xomashyo bazasini kengaytirish maqsadida seysmik qidiruv ishlarining yillik hajmi sezilarli darajada oshirildi. Yil yakuniga qadar 11 902 kv. km hajmda 3D va 1 835 pogon km hajmda 2D seysmorazvedka ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Bu sohadagi tarixdagi eng yirik yillik rejalardan biri hisoblanadi.
Yanvar–avgust oylaridagi natijalar ishlar surʼati sezilarli oshganini ko‘rsatmoqda. Hisobot davrida 3D-seysmik qidiruvlar 6 220 kv. km maydonda o‘tkazildi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning mos davridagi natijadan qariyb 5,7 barobar yuqori. O‘shanda ishlar 1 083 kv. km maydonda amalga oshirilgan.
Sakkiz oy davomida 3D va 2D seysmik tadqiqotlar natijasida ishlar jami 6 216 kv. km maydonda va 317,3 pogon km masofada amalga oshirildi. Belgilangan reja 100,1 foizga bajarildi. O‘tgan yilning mos davrida reja ijrosi 27,7 foizni tashkil etgan edi.
Seysmik tadqiqotlarning yuqori surʼatlarda olib borilishi geologiya-qidiruv ishlari o‘tkazilayotgan hududlarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Yil boshida ishlar uchta — «Jambulok 3D», «Niyoz 3D» va «Qorovulbozor 3D» loyihalari bo‘yicha olib borilgan. Hozirda amalga oshirilayotgan loyihalar soni sakkiztaga yetdi. Bular «Qoraumbet 3D», «Alambek 3D», «Toshqo‘rg‘on–Dehqonobod 3D», «Chembar 3D», «Jambulok 3D», «Qorovulbozor 3D», «Tog‘man 3D» va «Oqtumsuk 2D» loyihalaridir.
Ayrim loyihalar bo‘yicha dala seysmik ishlari yakunlangan. «Alambek 3D» (381 kv. km) va «Chembar 3D» (1 500 kv. km) loyihalari bo‘yicha dala tadqiqotlari davomida olingan maʼlumotlar qayta ishlash va interpretatsiya bosqichiga o‘tkazildi. «Qorovulbozor 3D», «Toshqo‘rg‘on–Dehqonobod 3D», «Tog‘man 3D», «Kogon 3D» va «Oqtumsuk 2D» loyihalari bo‘yicha dala seysmik qidiruv ishlari davom etmoqda.
Yangi istiqbolli strukturalarni aniqlash maqsadida «Shohpaxta 3D» loyihasi bo‘yicha dala tadqiqotlarini boshlashga tayyorgarlik sentyabr oyi oxiriga qadar olib borilmoqda. «Ravshan 3D» loyihasi bo‘yicha seysmik qidiruv ishlari 15 sentyabrda boshlangan.
Seysmorazvedka yer qaʼrilarining geologik tuzilishini o‘rganish, istiqbolli zonalarni aniqlash va uglevodorod konlari bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi uchastkalarni belgilashning asosiy bosqichlaridan biri hisoblanadi. U yangi uchastkalarda qidiruv-razvedka quduqlarini keyinchalik burg‘ilash, yangi konlarni ochish va ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirish uchun asos yaratadi.
Kelgusi yilda ham shunga o‘xshash surʼatlarni saqlab qolish rejalashtirilgan. 2027 yilda 2026 yilga nisbatan ishlar hajmini oshirish surʼatlarini saqlagan holda dala seysmik qidiruv ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Geologik maʼlumotlar bazasi to‘ldirilmoqda, to‘plangan maʼlumotlar raqamlashtirilib, qayta ishlanmoqda va chuqur tahlildan o‘tkazilmoqda. Bu yangi istiqbolli uchastkalarni aniqlash imkoniyatlarini kengaytirmoqda.