Iqtisod

O‘zbekiston Polshada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropaga eksport qilishni muhokama qildi

O‘zbekiston Polshada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropaga eksport qilishni muhokama qildi
O‘zbekiston Polshada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropaga eksport qilishni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishchi guruhi 14–17 sentyabr kunlari Polsha poytaxti Varshava shahrida xizmat safarida bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Tashrif davomida o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevropa bozorlariga olib chiqish, savdo-logistika aloqalarini rivojlantirish va ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Polsha Qishloq xo‘jaligi va Qishloq hududlarini rivojlantirish vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari o‘zaro savdosini qo‘llab-quvvatlash, qo‘shma logistika-savdo markazlarini tashkil etish va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.

O‘zbekiston mahsulotlarini Polsha bozoriga yetkazib berish va realizatsiya qilish imkoniyatlarini o‘rganish maqsadida ishchi guruh Varshavadagi yirik savdo-logistika majmualariga tashrif buyurdi. Markaziy va Sharqiy Yevropadagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eng yirik ulgurji bozorlaridan biri bo‘lgan “Bronishe” savdo markazi hamda «Praga Gelda» savdo majmuasi rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ushbu savdo majmualari orqali Polsha bozoriga olib kirish va taqsimlash imkoniyatlari muhokama qilindi. Majmualar rahbariyati o‘zbek mahsulotlarini bozorga olib chiqishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Polshada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar bilan uchrashuvda o‘zbek tadbirkorlari mahsulotlari savdosini kengaytirishga xizmat qiladigan logistika markazini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi ishtirokida uch tomonlama muzokaralar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi kadrlar tayyorlash va amaliy tajriba almashish bo‘ldi. Shu maqsadda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi Green Crops kompaniyasi vakili bilan uchrashuv o‘tkazilib, o‘zbekistonlik talabalar uchun stajirovka dasturini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ish safari davomida ishchi guruh O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi tomonidan mamlakat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab tashkil etilgan konferensiyada ham ishtirok etdi. Unda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari va «O‘zbekiston — 2030» strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari haqida maʼlumot berildi.

Tashrifning asosiy yo‘nalishlarini Polsha bilan savdo-logistika hamkorligini rivojlantirish, o‘zbek mahsulotlari uchun yangi bozor imkoniyatlarini ochish hamda talabalar uchun amaliy tajriba almashish dasturlarini kengaytirish tashkil etdi.

O‘tkazilgan uchrashuv va muzokaralar ikki davlat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi aloqalarni yana-da mustahkamlashga qaratildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.