Iqtisod

Qishloq xo‘jaligi vazirligida Serbiya va Malayziyaga eksport imkoniyatlari muhokama qilindi

Qishloq xo‘jaligi vazirligida Serbiya va Malayziyaga eksport imkoniyatlari muhokama qilindi
Qishloq xo‘jaligi vazirligida Serbiya va Malayziyaga eksport imkoniyatlari muhokama qilindi / Foto: O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 18 sentyabr kuni Toshkent davlat agrar universitetida vazirlik markaziy apparati xodimlari uchun navbatdagi «Kasbiy maʼrifat soati» tashkil etildi. Bu haqda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xabar berdi.

Tadbirda qishloq xo‘jaligi vaziri kotibiyati rahbari Shamshod Ergashev «Yangi ochilayotgan xalqaro bozorlar: Serbiya va Malayziya misolida» mavzusida maʼruza qildi.

Maʼruza davomida Serbiya va Malayziya bozorlarining o‘ziga xos xususiyatlari, ushbu davlatlar bilan qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mahalliy mahsulotlar eksportini kengaytirish imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi.

Xalqaro bozorlarda talabni o‘rganish, mahsulotlarni tashqi bozorlar talablariga moslashtirish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti geografiyasini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Maʼruza davomida yangi bozorlarni o‘zlashtirish, eksport salohiyatidan samarali foydalanish va tashqi iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishda xalqaro hamkorlikning roli yuzasidan fikrlar bildirildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan sport musobaqalarini o‘tkazishda ko‘maklashgan xodimlarga tashakkurnomalar topshirildi.

Qayd etilishicha, sport musobaqalarini tashkil etish jamoada hamjihatlikni mustahkamlash, xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va faol jamoaviy muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.