Iqtisod

To‘raqo‘rg‘on xurmosi tashqi bozorlarga chiqmoqda

To‘raqo‘rg‘on xurmosi tashqi bozorlarga chiqmoqda
To‘raqo‘rg‘on xurmosi tashqi bozorlarga chiqmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida xurmo hosilini eksportga tayyorlash ishlari davom etmoqda. Yig‘ib olingan mevalar saralash va sifat bahosidan o‘tkazilib, shundan so‘ng saqlash va xorijiy bozorlarga yetkazib berish uchun tayyorlanmoqda.

Namangan viloyatida xurmozorlarning umumiy maydoni 1875 gektarni tashkil etadi. Shundan 326 gektar xurmo bog‘lari To‘raqo‘rg‘on tumanida joylashgan.

Mahalliy fermerlar va tadbirkorlar tomonidan yetishtirilayotgan xurmoga xorijda talab yuqori. Mahsulot MDH mamlakatlari va Birlashgan Arab Amirliklariga eksport qilinmoqda. Joriy yilda To‘raqo‘rg‘on xurmosining birinchi partiyasi Janubiy Koreyaga eksport qilindi.

Mahsulotni tashqi bozorlarga yetkazib berishga tayyorlashda oziq-ovqat mahsulotlarining sifati va xavfsizligi talablariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hududda «daladan dasturxongacha» tamoyili joriy etilmoqda. Unga ko‘ra, yetishtirish va hosilni yig‘ib olishdan tortib saralash, saqlash, laboratoriya nazorati, zararsizlantirish va fitosanitar hujjatlarni rasmiylashtirishga qadar bo‘lgan barcha bosqichlar nazorat qilinadi.

Zararli organizmlar va karantin obyektlarining tarqalishining oldini olish maqsadida mutaxassislar xurmo bog‘larida muntazam ravishda fitosanitar monitoring o‘tkazib, tegishli profilaktik choralarni ko‘rmoqda.

Eksport geografiyasining kengayishi To‘raqo‘rg‘on tumani xurmo yetishtiruvchilari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratmoqda.

Tashqi bozorlarga yetkazib berish hajmining oshishi, kutilganidek, fermerlar va tadbirkorlar daromadlarining ko‘payishi, yangi ish o‘rinlarining yaratilishi hamda hududning iqtisodiy salohiyati mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

 

Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.