Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Qirg‘iziston farmatsevtika sohasida hamkorlikni kengaytirish niyatida. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi hamda Qirg‘izistonning “Kirgizfarmatsiya” davlat korxonasi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi.
Hujjat farmatsevtika va kosmetika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy va savdo aloqalarini kengaytirishni nazarda tutadi.
Erishilgan kelishuvlar doirasida tomonlar ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalar sohasida tajriba almashish, mutaxassislar uchun seminarlar va taʼlim dasturlarini o‘tkazish, shuningdek, qo‘shma loyihalar ishlab chiqishni ham rejalashtirmoqda.
Memorandumni O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohasini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov hamda “Kirgizfarmatsiya” davlat korxonasi direktori Akilbek Turatbek uulu imzoladi.
Kelishuvlar ikki mamlakatning farmatsevtika sohasidagi hamkorligini yana-da rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan.