O‘zbekiston Koreyaning biofarmatsevtika tajribasini o‘rganmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi hamda Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti vakillari Koreya Respublikasiga tashrif doirasida mamlakatning yetakchi ilmiy-tadqiqot va taʼlim muassasalari faoliyatini o‘rgandi hamda biofarmatsevtika sohasida hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi. Bu haqda Tibbiyot va farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi xabar berdi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Koreya Milliy Biojarayonlarni tadqiq etish va o‘qitish institutining (Korea National Institute for Bioprocessing Research and Training) GMP laboratoriyalari faoliyati bilan tanishdi. Xususan, mutaxassislar CAR-T hujayrali terapiyasi va biofarmatsevtika bilan bog‘liq yo‘nalishlarni o‘rgandi.
Bundan tashqari, tashrif ishtirokchilari Biopharma AX laboratoriyasiga borib, biotexnologik preparatlar va monoklonal antitanalar ishlab chiqarishga mo‘ljallangan GMP infratuzilmasi bilan tanishdi.
Dasturning alohida qismi mutaxassislar tayyorlash va ilmiy tadqiqotlarga bag‘ishlandi. Delegatsiya mikrobial biofarmatsevtika jarayonlariga ixtisoslashgan Global Training Hub for Biomanufacturing o‘quv infratuzilmasini o‘rgandi. Shuningdek, ishtirokchilar Yonsei University College of Medicine laboratoriyalari faoliyati bilan tanishdi. U yerda hayvonlardan foydalangan holda ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Tashrif doirasida olimlar, professorlar va sohaning yetakchi mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tomonlar farmatsevtika sanoatining zamonaviy ehtiyojlarini inobatga olgan holda kadrlar tayyorlash, mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda Koreyaning ilg‘or tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuvlar yakunlari bo‘yicha hamkorlikni yana-da rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Ular qo‘shma ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, olimlar va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, xalqaro tajriba asosida biofarmatsevtika sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishni nazarda tutadi.