Iqtisod

O‘zbekiston va Yaponiya 4,2 mlrd dollarlik energetika loyihalarini muhokama qildi

O‘zbekiston va Yaponiya 4,2 mlrd dollarlik energetika loyihalarini muhokama qildi
O‘zbekiston va Yaponiya 4,2 mlrd dollarlik energetika loyihalarini muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Sumitomo Corporation prezidenti va bosh ijrochi direktori Singo Ueno hamda Shikoku Electric Power prezidenti va direktori Yosixiro Miyamoto bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar umumiy qiymati 4,2 milliard dollarni tashkil etuvchi energetika sohasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Muzokaralar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida bo‘lib o‘tdi.

Asosiy eʼtibor qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga, jumladan, Samarqand viloyatida quyosh elektr stansiyalarini, Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyalarini qurish va energiyani saqlash tizimlarini joriy etishga qaratildi.

Ustuvor vazifalar qatorida quyosh elektr stansiyalarini o‘z vaqtida ishga tushirish hamda shamol energetikasi loyihasini amalga oshirishga o‘tish uchun zarur kelishuvlarni yakunlash belgilandi.

Uchrashuv ishtirokchilari elektr uzatish liniyalari uchun kabel mahsulotlari ishlab chiqarish, tog‘-kon sanoati va tez tibbiy yordam avtomobillarini yetkazib berish sohalarida hamkorlik istiqbollarini ham ko‘rib chiqdilar.

Shuningdek, Yaponiya kompaniyalarining maxsus iqtisodiy zonalarni boshqarish, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash bo‘yicha tajribasini qo‘llash imkoniyatlari alohida muhokama qilindi.

Elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish, energiyani saqlash tizimlaridan foydalanish va tegishli sohalar uchun mutaxassislar tayyorlash ham hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.