Iqtisod

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Paynet xususiylashtirilishi haqida ilk bor izoh berdi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Paynet xususiylashtirilishi haqida ilk bor izoh berdi
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Paynet xususiylashtirilishi haqida ilk bor izoh berdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi avval ommaviy eʼlon bilan birga kuzatilmagan Paynet to‘lov tashkilotining xususiylashtirilishi yuzasidan ilk bor izoh berdi. Bu haqda 8 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida DXA direktori Sohibjon Murodov maʼlum qildi.

Murodovning so‘zlariga ko‘ra, Paynet xususiylashtirilishida qonunchilikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan usul qo‘llanilgan. Gap jamiyat ishtirokchilarining ulushni sotib olishdagi imtiyozli huquqi haqida bormoqda.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbari «Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, agar jamiyat ishtirokchilaridan biri o‘ziga tegishli ulushni sotmoqchi bo‘lsa, uni birinchi navbatda jamiyatning boshqa ishtirokchilariga yoki jamiyatning o‘ziga taklif qilishi kerakligini tushuntirdi.

Murodov, shuningdek, jamiyatning ustav kapitalidagi ulushni sotib olish bo‘yicha imtiyozli huquqdan foydalanilganda axborotni oshkor qilish borasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi yondashuvi o‘zgarganini maʼlum qildi. Uning aytishicha, kelgusida agentlik bunday bitimlar haqida jamoatchilikni xabardor qilib borishni rejalashtirmoqda.

Paynet egasi qanday o‘zgargan?

2024 yil aprel oyida Paynet to‘lov servisini boshqaruvchi Uzpaynet kompaniyasining taʼsischisi o‘zgardi.

Reyestr maʼlumotlariga ko‘ra, kompaniyaning 100 foiz ulushi New Industrial Technologies kompaniyasiga o‘tgan. Davlat ulushining sotilgani haqida rasman xabar berilmagan, garchi avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya egasi o‘zgargani haqida maʼlumotlar tarqalgan bo‘lsa-da.

New Industrial Technologies kompaniyasi 2019 yilda tashkil etilgan. Uning ustav fondi 273,56 milliard so‘mni tashkil etadi. Kompaniyaning 60 foiz ulushi Aleks Liga, qolgan 40 foizi esa uning rahbari ham hisoblangan Mustafo Abdurahmonovga tegishli.

Abdurahmonov Asia Alliance Bank‘ning yirik aksiyadori bo‘lgan Asia Alliance Group kompaniyasining 77,6 foiz ulushiga egalik qiladi.

Avvalroq davlat Uzpaynet‘ni xususiylashtirishga urinib ko‘rgan edi. 2022 yil avgust oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi kompaniyadagi davlatga tegishli 100 foiz ulushni sotish haqida eʼlon bergan.

Keyingi oy davomida ehtimoliy xaridorlardan yettita ariza kelib tushgan, biroq takliflarni qabul qilish jarayoni «qo‘shimcha aniqlik kiritish» uchun kechiktirilgan.

 

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.