Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent xalqaro aeroportida SKYSERV kompaniyasi Visa va DragonPass bilan hamkorlikda tashkil etgan yangi Visa Lounge biznes-zali ish boshladi. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.
Yangi zal sobiq Anor biznes-zalini rekonstruksiya qilish natijasida tashkil etildi. Elektron E-auksion platformasida o‘tkazilgan ochiq savdolardan so‘ng ushbu makon operatori etib SKYSERV kompaniyasi tanlangan. Rekonstruksiya jarayonida obyekt maydoni deyarli ikki baravarga kengaytirildi, uning rejasi, dizayni va konsepsiyasi to‘liq yangilandi. Keyingi bosqichda loyihaga xalqaro hamkorlar — Visa va DragonPass qo‘shildi.
Yangi Visa Lounge zali maydoni 651 kvadrat metrni tashkil etadi. Bir vaqtning o‘zida bu yerda 150 nafargacha yo‘lovchi bo‘lishi mumkin.
Zal infratuzilmasi dam olish va ishlash uchun mo‘ljallangan bir nechta hududlarni o‘z ichiga oladi. Yo‘lovchilar uchun ergonomik kreslolar bilan jihozlangan joylar, ishlash hududi, xususiy va tinch zonalar, uxlash kapsulalari, mini-kinoteatr hamda individual dush xonalari tashkil etilgan.
Bolali yo‘lovchilar uchun alohida o‘yin xonasi mavjud. Shuningdek, zalda chekish uchun izolyatsiya qilingan hudud jihozlangan.
Mehmonlarga turli taomlar va gazaklar, shuningdek, keng turdagi ichimliklar taklif etiladi.
DragonPass bilan hamkorlik tufayli xalqaro dastur ishtirokchilari belgilangan xizmat ko‘rsatish shartlariga muvofiq Visa Lounge zalidan foydalanishlari mumkin.
Zal Oman Air, Etihad Airways, Aeroflot va Azerbaijan Airlines kabi qator xalqaro aviakompaniyalar yo‘lovchilariga ham xizmat ko‘rsatadi. Ushbu aviakompaniyalar mijozlariga zaldan foydalanish imkoniyati aviakompaniyalar bilan amaldagi shartlar va kelishuvlarga muvofiq taqdim etiladi.
«Toshkent xalqaro aeroporti uchun infratuzilmani rivojlantirish yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatining yaxshilanishi bilan birga borishi muhim. Rekonstruksiyadan so‘ng biz zamonaviy qulaylik talablariga javob beradigan, kengroq va funksional makonga ega bo‘ldik. Visa Lounge aeroport servis infratuzilmasining muhim qismiga aylanishiga ishonaman», — deya maʼlum qildi Uzbekistan Airports.
Yangi biznes-zalning ochilishi Toshkent xalqaro aeroporti yo‘lovchi infratuzilmasini rivojlantirishning navbatdagi bosqichi bo‘lib, parvozdan oldin yo‘lovchilarning qulay vaqt o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirdi.