Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — “Navoiyazot” korxonasida moliyaviy sog‘lomlashtirish va xususiylashtirishga tayyorgarlik ishlari boshlandi. Bu haqda 8 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov maʼlum qildi.
Davlat aktivlarini boshqarish agentligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, “Navoiyazot” yirik va strategik ahamiyatga ega aktivlar qatoriga kiradi hamda kimyo sanoatining asosiy rivojlantiruvchi loyihalaridan biri hisoblanadi.
Korxonaning joylashuvi va uning atrofidagi mavjud infratuzilmani hisobga olgan holda, ushbu hududda yirik kimyo klasterini shakllantirish rejalashtirilmoqda.
Hozirda agentlik korxonani moliyaviy sog‘lomlashtirish ishlarini olib bormoqda. Ushbu jarayon doirasida “Navoiyazot” balansidagi bir nechta asosiy faoliyat turiga taalluqli bo‘lmagan aktivlarni chiqarish va shu orqali «sof aktiv»ni shakllantirish rejalashtirilgan.
Ushbu jarayon yakunlanganidan keyin korxonani xususiylashtirishga tayyorlashning keyingi tartibi belgilanadi.
«Hozir “Navoiyazot”ning o‘zini moliyaviy sog‘lomlashtirish jarayonini boshladik. Yaʼni korxona balansini bir nechta asosiy faoliyat turiga taalluqli bo‘lmagan aktivlardan tozalab, uni sof aktivga aylantirganimizdan so‘ng, keyingi bosqichda ushbu masalani ko‘rib chiqamiz. Hozircha bu bosqichga yetganimiz yo‘q», — dedi Murodov.
2025 yil aprel oyida O‘zbekiston Prezidenti davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xalqaro bozorlarda xususiylashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Ushbu ro‘yxatdan “Navoiyazot”ning davlatga tegishli 75 foiz ulushi ham o‘rin olgan.
Mazkur ulushni sotish davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan alohida jadval asosida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Murodov Prezidentga yirik davlat aktivlarini xususiylashtirishga tayyorgarlik ishlarining borishi haqida axborot bergan edi.
Xususan, UzAuto Motors va uning tarkibiga kiruvchi korxonalar, “Navoiyazot”, shuningdek, issiqlik elektr stansiyalarini xususiylashtirishga tayyorlash masalalari muhokama qilingan.